
Tenderda ishtirok etganlarga qulaylik: ballni qaytarish mexanizmi joriy etildi
19.05.2025 | 12:3037633
Endi tenderda yutgan tashkilotlar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargan taqdirda, avval qo‘llanilgan reyting chegirma ballari qayta tiklanadi. Bu tizim «Shaffof qurilish» orqali amalga oshiriladi.

Tender jarayonlarini yanada ochiq va adolatli qilish maqsadida yangi reytingni tiklash mexanizmi joriy qilindi. Endi tenderda yutgan talabgorlar tomonidan barcha shartlar to‘liq bajarilganidan so‘ng, ularga qo‘llangan chegirma ballari qayta qaytariladi.
Bu jarayon «Shaffof qurilish» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Agar qurilish yoki rekonstruksiya ishlari belgilangan tartibda yakunlansa, loyiha tashkilotlari va qurilish-pudrat kompaniyalari ushbu ma’lumotlar bilan birga barcha asoslovchi hujjatlarni tizimga yuklaydi. Mazkur hujjatlar moderator tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlansa, avvalgi reytingdan chegirib ballar qayta tiklanadi.
Pudratchilar tender.mc.uz axborot tizimiga o‘zining elektron raqamli imzosi orqali kirib, ishlarni tugatgan ob’ektni tanlaydi. Keyin esa davlat qabul komissiyasi tomonidan imzolangan dalolatnomani tizimga yuklab, uni tasdiqlaydi. Loyiha tashkilotlari esa ekspertiza xulosalarini taqdim etadi.
Bu hujjatlar buyurtmachi va moderator tomonidan o‘z kabineti orqali elektron imzo bilan tasdiqlanishi talab etiladi. Har bir bosqichda belgilangan format va talablarga rioya qilingani tekshiriladi.
Shu tariqa, ushbu yangilik tender ishtirokchilari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizm sifatida xizmat qilib, qurilish sohasida mas’uliyat va aniqlikni yanada oshirishga qaratilgan.





