
Timur Ishmetov: «Biz ikkilamchi sanksiyalarga tushmaslikka qattiq e’tibor qaratyapmiz»
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov AQSHning «Lukoyl» va «Rosneft» kompaniyalariga qarshi joriy etilgan sanksiyalar haqida gapirar ekan, O‘zbekiston ikkilamchi sanksiya xavfini oldini olish masalasiga juda ham jiddiy yondashishini ta’kidladi.

24 oktyabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan Rossiyaning «Lukoyl» va «Rosneft» kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning O‘zbekistonga ehtimoliy ta’siri haqida fikr bildirdi.
«Har qanday sanksiya qo‘llangandan keyin odatda boshqa uchinchi davlatlarga ta’sir qilmaydigan sharoit yaratish bo‘yicha doim muzokaralar o‘tkaziladi. Men aminmanki, xuddi shunday amalga oshiriladi va umid qilamizki, yuqori ta’siri bo‘lmasligi kerak» — dedi Timur Ishmetov.
Markaziy bank raisi ta’kidlashicha, mamlakat bank sektori sanksiya xavflarini oldini olish bo‘yicha qat’iy nazoratni amalga oshirmoqda. «Banklarimiz amaliyotlarida sanksiyalangan tovarlar, tashkilotlar yoki banklar bilan ishlamaslik haqida aniq pozitsiyaga egamiz va buni qat’iy kuzatib boramiz. Shu sababli, hozirgacha bironta bank sanksiyaga uchragani yo‘q. Biz bu yo‘nalishda qat’iylikni saqlaymiz», — dedi u.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni ikkillamchi sanksiya xavfini jiddiy tahlil qiladi va har bir operatsiyani monitoringdan o‘tkazadi. Bu mamlakat moliya tizimi barqarorligini saqlash hamda xalqaro moliya munosabatlarida ishonchni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, AQSHning OFAC boshqarmasi «Lukoyl» va «Rosneft» kompaniyalariga nisbatan urushni tugatish bo‘yicha «Rossiyaning siyosiy irodasi yetishmayotgani» sababli sanksiyalar joriy etdi. Cheklovlar bu kompaniyalarning jami 34 ta sho‘’ba korxonalariga ham tatbiq etilgan: shularning 28 tasi «Rosneft»ga, 6 tasi esa «Lukoyl»ga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning bir nechta banklariga sanksiya kiritgan edi.





