Tinchlik chetga surildi: AQSH va Eron hujumga o‘tdi
Yaqin Sharq yana olov ichida qoldi. AQSH Eronga zarba bermoqda, Isroil Livanga hujum qilmoqda, Tehron Amerika bazalarini bombalamoqda, husiylar esa xalqaro savdoni izdan chiqarish bilan tahdid qilmoqda.

Yaqin Sharqdagi vaziyat yana keskin tus oldi. Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida patrul vazifasini o‘tayotgan Amerikaning «Apache» vertolyotini urib tushirdi. Uchuvchilar tirik qoldi, biroq AQSH bu holatni javobsiz qoldirib bo‘lmaydi, deb hisobladi.
«AQSH bu hujumga munosib javob qaytarishga majbur», — deya ogohlantirdi prezident Donald Tramp.

Oradan bir necha soat o‘tar-o‘tmas, Eron janubida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududidagi havo hujumidan mudofaa tizimlari va radiolokatsiya stansiyalariga zarba berildi. Amerika operatsiyasi haqidagi xabarlar Sirik, Minab va Keshm orollaridan kela boshladi.
Bunga javoban Tehron ham qarab turmadi.
«Jang maydonidagi mag‘lubiyatlariga qaramay, AQSH bizning irodamizni sinab ko‘rishga qaror qildi. Qudratli qurolli kuchlarimiz hech bir hujum yoki tahdidni javobsiz qoldirmaydi. Agar xavfsiz yashashni istasangiz, mintaqamizni tark eting», — deya ogohlantirdi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi.
Shundan so‘ng Tehron Amerika bazalariga, xususan, Kuvayt, Iordaniya va Bahrayndagi obyektlarga hujum uyushtirdi. Eron harbiylarining ma’lum qilishicha, Iordaniyadagi bazada AQSH Harbiy-havo kuchlariga qarashli F-35 qiruvchi samolyotlarining garaji yo‘q qilingan.
O‘zaro zarbalar almashinuvi fonida tinchlik muzokaralarining kelajagi so‘roq ostida qoldi. Biroq Amerikaning milliy xavfsizlik sohasidagi manbaning «Politico» nashriga ma’lum qilishicha, AQSH hozircha diplomatik jarayondan chiqishni rejalashtirmayapti.
Ammo muzokaralar taqdiri faqatgina Vashington va Tehronga bog‘liq emas. Isroil Eronning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi bo‘lgan «Hizbulloh»ga qarshi tajovuzini davom ettirayotgan Livan yo‘nalishi ham alohida keskinlik o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda. Seshanba kuni Isroil armiyasi Livan janubiga yana zarbalar berdi. Vaholanki, bundan bir kun avval Tehron, agar hujumlar to‘xtamasa, Isroil hududiga zarba berishni qayta boshlashi mumkinligi haqida Tel-Avivni ogohlantirgan edi.
Aynan Livan hozirgi keskinlashuvni keltirib chiqargan asosiy omillardan biriga aylandi. Isroil «Hizbulloh»ning pozitsiyalarini zaiflashtirishga intilmoqda va shu maqsadda qo‘shni davlat hududiga tinimsiz zarbalar bermoqda. 8-iyun kungi ana shunday operatsiyalardan biri oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana 20 kishi yaralandi. Nafaqat guruh a’zolari, balki tinch aholi va xorijlik vakillar ham zarba ostida qolmoqda: masalan, 4-iyun kuni BMT tinchlikparvar kontingentining harbiy xizmatchisi, serjant Milovan Yovanovich halok bo‘ldi.
Hozirgi keskinlashuvda yana bir muhim jihat bor: yaqindagina Tramp Netanyaxudan Bayrutga hujum qilmaslikni shaxsan iltimos qilgan edi. OAV xabarlariga ko‘ra, Amerika yetakchisi bu rejalardan xabar topgach, g‘azab otiga mingan. Uning telefon orqali isroillik hamkasbiga: «Nima balolarni boshlayapsan o‘zi?» — deya baqirgani aytilmoqda. Biroq Netanyaxu bu chaqiriqni ochiqchasiga e’tiborsiz qoldirdi.

Bundan tashqari, Tramp Netanyaxudan Eronga javob zarbalarini bermaslikni ham so‘ragan edi. Hujumdan roppa-rosa bir kun avval ular o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tgan va Isroil bosh vaziri Oq uyning vajlariga qo‘shilgandek ko‘ringandi. Biroq ko‘p o‘tmay butun Tehron bo‘ylab havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar chalindi.
Bu esa Oq uy rahbarining obro‘siga sezilarli zarba bermoqda. Oldinroq u Eron bilan muzokaralar jarayonini aynan o‘zi nazorat qilayotganini isbotlashga majbur bo‘lgandi.
«Unda tanlov bo‘lmaydi. Barcha masalalarni men hal qilaman, u emas», — deya ishontirgan edi respublikachi Netanyaxu haqida gapirarkan.
Isroilning qator hujumlaridan so‘ng Tramp Amerika ko‘rsatadigan yordamning chegarasi borligini bildirib, ittifoqchisiga bosim o‘tkaza boshladi.
«Men unga: Bibi, sen o‘z xatti-harakatlaringda juda ehtiyotkor bo‘lishing kerak, chunki yaqin orada Eronga qarshi yakkama-yakka qolishing mumkin, dedim», — shu tariqa u Isroil bosh vaziri bilan parda ortidagi suhbatlari mazmunini so‘zlab berdi.
Saylovlar arafasidagi reytinglar pasayishi
Bunday reaksiyaning sabablari tushunarli: noyabr oyida AQSHda Kongressga saylovlar bo‘lib o‘tadi va Respublikachilar partiyasining obro‘si sezilarli darajada pasaymoqda. Uni Oq uy rahbarining shaxsiy reytingi pastga tortyapti. So‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, Tramp faoliyatini amerikaliklarning bor-yo‘g‘i 35 foizi ma’qullagan. Norozilik hatto respublikachilarning o‘z orasida ham oshib bormoqda: partiya tarafdorlarining 21 foizi prezident faoliyatini yoqlamasligini bildirgan. Vaholanki, o‘tgan yilning yanvar oyida bu ko‘rsatkich atigi 5 foizni tashkil etgan edi.
Odamlarning kayfiyatiga Yaqin Sharqdagi inqiroz oqibatlari o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ayrim shtatlarda benzin narxi keskin ko‘tarilib ketdi. Xususan, Kaliforniyada bir gallon benzin narxi 6,16 dollargacha yetmoqda. «Moody's Analytics» baholashicha, o‘rtacha Amerika oilasi energiya resurslari qimmatlashgani sababli odatdagidan taxminan 750 dollar ko‘proq mablag‘ sarflashga majbur bo‘lgan.
Eron tomonidan Amerika vertolyotining urib tushirilishi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Agar bu hodisa AQSH fuqarolarining o‘limiga olib kelganida, ma’muriyat uchun siyosiy oqibatlar ancha og‘irroq bo‘lishi tayin edi. Shusiz ham respublikachilarga mamlakatning nima sababdan Tehron bilan urushga tortilganini saylovchilarga tushuntirish borgan sari qiyinlashmoqda.
Isroilda ham vaziyat bundan oson emas. U yerda ham kuzda Knessetga (parlamentga) saylovlar bo‘lib o‘tishi kerak. Bu Netanyaxu uchun G‘azodagi urushning boshlanishi, «Hizbulloh» bilan mojaro va Eron atrofidagi keskinlashuvdan keyingi birinchi ovoz berish jarayoni bo‘ladi. Mohiyatan, ushbu saylovlar uning butun siyosiy yo‘nalishi uchun o‘ziga xos sinovga aylanadi.
Shu bilan birga, bosh vazir aholining qo‘llab-quvvatlovini shiddat bilan yo‘qotmoqda. «Likud» partiyasining muhim elektoral bazasi hisoblangan Isroil shimolida saylovchilarning bor-yo‘g‘i 23 foizi ularga ovoz berishga tayyor (2022 yilda esa bu ko‘rsatkich 35 foiz edi).
Netanyaxuga korrupsiyaga oid ishlar ham bosim o‘tkazmoqda: sud jarayoni 2020 yildan beri davom etyapti. Hokimiyatni qo‘ldan boy berish esa uni sud jarayonini paysalga solishga imkon beruvchi asosiy resursidan mahrum qilishi mumkin.





