
Tojikistonda bolalarga ijtimoiy tarmoq taqiqlanishi taklif etildi
30.09.2025 | 19:0013173
Tojikistonda bolalarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanishini cheklash masalasi parlament va jamoatchilik muhokamasiga chiqdi.

Parlament quyi palatasi deputati Dilnoza Axmadzoda o‘z maqolasida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqdan butunlay foydalanishni taqiqlashni taklif qildi. Uningcha, bolalarni yolg‘on va zararli axborotdan himoya qilishga qaratilgan 2025 yilgi qonunga kiritilgan o‘zgarishlar yetarli samara bermaydi.
Taklifga muvofiq, 14 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqqa kirish butunlay taqiqlanadi. 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar esa faqat ota-onalarining yozma roziligi bilan foydalana oladi.
Biroq raqamli texnologiyalar va inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar bu taklifga ehtiyotkorona yondashmoqda. Ular to‘liq taqiq amaliy jihatdan qiyinligini va asosiy muammolarni hal etmasligini ta’kidlamoqda. Mutaxassislar fikricha, bolalarni internetdan uzib qo‘yish o‘rniga raqamli gigiyena va tanqidiy fikrlashni o‘rgatish, ota-onalar hamda o‘qituvchilarni jalb etish samaraliroq yo‘l hisoblanadi.
Bolalarga nisbatan bunday cheklovlar bir nechta davlatlarda bor.
AQSHning Florida shtatida 14 yoshgacha bo‘lganlar akkaunt ocha olmaydi.
Fransiyada 15 yoshgacha ro‘yxatdan o‘tish uchun ota-ona roziligi talab qilinadi.
Xitoyda 14 yoshgacha bo‘lganlar uchun kunlik 40 daqiqa limit va kechki vaqtda taqiq joriy etilgan.
Germaniyada esa onlayn xizmat ko‘rsatuvchilar bolalarni zararli xatarlardan himoya qilish bo‘yicha qat’iy standartlarga rioya etishi shart.





