Logo

Toshkent va ayrim tumanlardagi issiqxonalar uchun soliq 10 baravar oshirilishi mumkin

Kecha 12:552 daqiqa

Qonun loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida joylashgan issiqxonalarga mol-mulk hamda yer solig‘ining oshirilgan stavkalari joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Toshkent va ayrim tumanlardagi issiqxonalar uchun soliq 10 baravar oshirilishi mumkin © egemen.kz

Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida faoliyat yuritayotgan issiqxonalarga nisbatan mol-mulk va yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu nazarda tutilgan qonun loyihasi 31-iyulgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida joylashgan issiqxonalar egallab turgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlariga belgilangan stavkaning 10 baravari miqdorida undiriladi. Shuningdek, bunday issiqxonalarga amaldagi soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydi.

Biroq ushbu tartib barcha issiqxonalarga birdek qo‘llanmaydi. Xususan, isitish qozonxonalari demontaj qilingan yoki elektr energiyasi orqali isitiladigan issiqxonalar uchun oshirilgan mol-mulk va yer solig‘i stavkalari amal qilmaydi. Bunday obyektlar haqidagi ma’lumotlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ tomonidan taqdim etiladi.

Qonun loyihasida qayd etilishicha, mazkur o‘zgarishlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ekologik vaziyatga issiqxona xo‘jaliklarining salbiy ta’sirini kamaytirish, shuningdek, issiqxonalarda ekologik xavfsiz va energiya tejamkor isitish texnologiyalarini joriy etishni rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi qaroriga muvofiq, ushbu qonun loyihasi 2026-yil 1-sentabrga qadar ishlab chiqilishi belgilangan edi.

Mazkur qarorga asosan, 2026-yil 1-iyun dan boshlab Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida ko‘mir, mazut va boshqa atmosfera havosini ifloslantiruvchi yoqilg‘ilardan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish taqiqlangan.

Bundan tashqari, issiqxona xo‘jaliklari iqlim sharoiti qulay bo‘lgan Surxondaryo viloyatiga bosqichma-bosqich ko‘chirilib, moliyaviy ko‘mak va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlanadi.

Vaqt.uz avvalroq o‘z tahlilida issiqxonalar ko‘chirilishi ortidagi asl muammolarni tahlil qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid