Toshkent va Praga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

23.02.2026 | 10:252 daqiqa

Hozirda yo‘lovchilar asosan Istanbul orqali tranzit reyslardan foydalanadi. To‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar turoperatorlar va individual sayyohlarga safarlarni oldindan rejalashtirish imkonini berishi aytilmoqda.

Toshkent va Praga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Toshkent va Praga o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy muzokaralar boshlandi. O‘zbekiston diplomatlari Vatslav Gavel nomidagi Praga xalqaro aeroportining yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Martin Tatek bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi «Dunyo» AA.

Muloqotda turistik va ishbilarmonlik oqimini kengaytirish, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Chexiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz rejim amal qilishi, o‘zbekistonliklar uchun turistik vizalar berish amaliyotida ijobiy o‘sish kuzatilayotgani ta’kidlandi.

Martin Tatek O‘zbekistonning madaniy-tarixiy salohiyati chex sayyohlari uchun yuqori qiziqish uyg‘otayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, boy madaniy meros, tarixiy obidalar va sayyohlar uchun yaratilgan infratuzilma mamlakatga tashrif buyurayotgan mehmonlarda ijobiy taassurot qoldirmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston Chexiya ishbilarmon doiralari uchun ham istiqbolli bozor sifatida baholanmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar turizm va biznes aloqalarini samarali rivojlantirishda hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladi. Hozirda yo‘lovchilar asosan Istanbul orqali tranzit parvozlardan foydalanmoqda, bu esa yo‘nalishning raqobatbardoshligini pasaytirmoqda.

Praga–Toshkent yo‘nalishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar turoperatorlar va individual sayyohlarga safarlarni oldindan rejalashtirish, turistik paketlar shakllantirish va tizimli marketing yuritish imkonini beradi. Chexiya tomoni «Uzbekiston Airways»ni asosiy hamkor sifatida ko‘rmoqda.

Mart oyi boshida Praga aeroporti, milliy aviakompaniya va manfaatdor xususiy tashuvchilar ishtirokida qo‘shimcha onlayn uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish shartlari va rag‘batlantirish choralari muhokama qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid