Logo

Toshkentda piyodalar uchun yangi xavfsizlik tizimi sinov tariqasida joriy  etildi

Bugun 13:552 daqiqa

Yangi texnologiya haydovchilarni piyodalar o‘tish joyi haqida uzoq masofadan ogohlantirib, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.

Toshkentda piyodalar uchun yangi xavfsizlik tizimi sinov tariqasida joriy  etildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Osiyo ko‘chasida RRFB (Rectangular Rapid Flashing Beacon)texnologiyasiga asoslangan faol yo‘l belgilari o‘rnatildi.  Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi axborot xizmati xabar berdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tizim haydovchilarga piyodalar o‘tish joyini harakat yo‘nalishidan qat’i nazar aniq ko‘rish imkonini beradi.

Loyiha doirasida ogohlantiruvchi sariq signal chiroqlari yo‘l chetlariga, ko‘chaning markaziy qismiga hamda qatnov qismi ustidagi baland konstruksiyaga joylashtirilgan. 

Bundan tashqari, yo‘lning ikki tomoniga piyodalar uchun chaqiruv tugmalari o‘rnatilgan. Piyoda tugmani bosgach, ustunlarning yuqori qismidagi yorqin signal chiroqlari avtomatik ravishda yonadi.

Shuningdek, "Piyodalar o‘tish joyi" belgisi yorug‘lik beruvchi maxsus quti ko‘rinishida ishlab chiqilgan. Bu yechim ayniqsa tungi vaqtda o‘tish joyining uzoqdan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, RRFB tizimi asosan transport oqimi past va o‘rtacha bo‘lgan ko‘chalarda samarali hisoblanadi.

Jahon tajribasi

AQSH Federal avtomobil yo‘llari boshqarmasi (FHWA) tadqiqotlariga ko‘ra, oddiy tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilarning piyodalarga yo‘l berish darajasi odatda 18–30 foizni tashkil etadi. RRFB tizimi joriy etilgach esa bu ko‘rsatkich 98 foizgacha oshishi mumkin.

Shuningdek, yorqin ogohlantiruvchi signallar haydovchilarga piyodalar o‘tish joyini oldindan payqash imkonini berib, tezlikni bosqichma-bosqich kamaytirishga yordam beradi. Bu esa keskin tormozlanish va yo‘l-transport hodisalari xavfini kamaytiradi.

Mazkur loyiha O‘zbekistonda RRFB texnologiyasini yo‘l infratuzilmasiga pilot tartibda joriy etish bo‘yicha ilk tajribalardan biri bo‘lib, sinov natijalari kelgusida ushbu tizimni boshqa hududlarda ham qo‘llash imkoniyatini baholashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtda tirbandlikni kamaytirishga qaratilgan  avtobus yo‘laklari uchun maxsus deliniatorlar o‘rnatilishi haqida xabar bergan edik. Mazkur loyiha, jamoat transporti harakati uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratishga xizmat qilishi aytilgan.

Teglar

Mavzuga oid