
Toshkentda qor yog‘ishi sabab ayrim avtobus yo‘nalishlarida qatnov oraliq vaqtlari uzayishi mumkin
Transport vazirligi aholini noqulay ob-havo sharoiti sababli yuzaga keladigan noqulayliklardan ogohlantirdi.

Toshkentdagi ob-havoning keskin o‘zgargani, qor yog‘ishi kuzatilayotganligi sababli ayrim avtobus yo‘nalishlarida qatnov oraliq interval vaqtlari uzayishi mumkin. Bu haqda Toshshahartransxizmat matbuot xizmati xabar berdi.
«Barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish paytida murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishlarini, zarurat bo‘lmaganda shaxsiy avtomobillarida, ayniqsa qishga mo‘ljallangan shinalarga ega bo‘lmagan transport vositalarida harakatlanmaslikni, tezlik talablariga qat’iy amal qilishlarini, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lishlarini va tirbandliklarni oldini olish maqsadida jamoat transportlaridan foydalanishlarini so‘raymiz», — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Transport vazirligi ham harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
«Yomg‘ir, qor va tuman yo‘l sharoitini keskin o‘zgartirib, ko‘rish masofasini qisqartiradi hamda harakat xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli bunday vaziyatlarda transport vositasini boshqarishda yanada hushyor va mas’uliyatli bo‘lish muhimdir», — deyiladi Transport vazirligi xabarida.





