Logo

Toshkentdagi onkologiya markazi o‘rnida yoshlar shaharchasi va bog‘ barpo etiladi

Kecha 17:452 daqiqa

Toshkent shahar onkologiya markazining 4,36 gektarlik hududida ochiq yashil bog‘ va Yoshlar shaharchasi tashkil etiladi. Shahar hokimligi mavjud binolar saqlab qolinib, rekonstruksiya qilinishini, yangi biznes-ofislar va tijorat obyektlarini qurish rejalashtirilmayotganini ma’lum qildi.

Toshkentdagi onkologiya markazi o‘rnida yoshlar shaharchasi va bog‘ barpo etiladi © Foto: t.me/poytaxt_uz

Toshkent shahar onkologiya markazining 4,36 gektarlik hududida ochiq yashil bog‘ tashkil etiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyiha «Yashil shahar» konsepsiyasi doirasida amalga oshiriladi. Markaz binolari bo‘shatilganidan so‘ng hududning asosiy qismi barcha shaharliklar uchun ochiq yashil boqqa aylantiriladi.

Hokimlik Yoshlar shaharchasi bog‘ o‘rnini egallamasligi va uning hududini qisqartirmasligini ta’kidladi. O‘quv va ijodiy markazlar, kutubxona, kovorking maydonlari, simulyatsiya ustaxonalari hamda startap-studiyalar mavjud binolarga joylashtiriladi.

Binolar saqlab qolinib, rekonstruksiya qilinishi va ijtimoiy maqsadlarga moslashtirilishi rejalashtirilgan. Ularning atrofi obodonlashtirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Hudud yaqin atrofdagi mahallalar aholisi, yoshlar va barcha shaharliklar uchun ochiq jamoat maskani bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Hududda yuqori texnologiyali, sanoat-muhandislik va servis zonalari, o‘quv va ijod markazlari, kutubxona, zamonaviy infratuzilmaga ega simulyatsiya ustaxonalari va ilg‘or amaliyotlar bazalarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Avvalroq prezidentning 27-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining sobiq Toshkent shahar filiali o‘rnida Yoshlar shaharchasini barpo etish belgilangan edi.

Hujjatga ko‘ra, shaharchada dual ta’lim tizimi asosida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy va kelajak kasblariga o‘qitish tashkil etiladi.

Tadbirkorlar ham jalb qilinadi

Yoshlar shaharchasidagi davlat bino va inshootlari sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi tadbirkorlarga ijaraga berilishi mumkin. Bunda ijarachilar aholi va yoshlarni dual ta’lim tizimi asosida o‘qitish majburiyatini oladi.

Dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Bu shaharchada ta’lim olgan aholi va yoshlarning bandligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Loyihani amalga oshirish uchun Toshkent shahar hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul etib belgilangan. Topshiriqlarni bajarish muddati 2026 yil dekabriga qadar etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, hokim Shavkat Umurzoqov Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» bog‘i mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantirilishini ma’lum qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid