add

Toshkentlik Gor yana O‘zbekistonga kelyapti

Bugun 19:353 daqiqa

Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor shu haftada Bishkek va Toshkentga keladi.

Toshkentlik Gor yana O‘zbekistonga kelyapti

AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi, elchi Serjio Gor 3-7-fevral kunlari O‘zbekiston va Qirg‘izistonga keladi. Bu haqda AQSH davlat departamenti ma’lum qildi.

Bishkekda elchi Gor «B5+1» Biznes forumida ishtirok etadi, unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan (C5 davlatlari) hamda AQSHdan yuqori darajali biznes rahbarlari va siyosatchilar bilan muloqot olib boradi. Davlat departamentiga ko‘ra, yuqori darajali muhokamalarda Serjio Gor AQSH va Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirishda biznes jamoatchiligining muhim rolini ta’kidlaydi.

«Bishkek va Toshkentda elchi Gor yuqori lavozimli rasmiylar bilan ham uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qiladi. AQSH Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan yaqin iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga va butun mintaqada barqarorlik hamda farovonlikni ta’minlaydigan innovatsion sherikliklar yaratishga qat’iy mas’uldir», – deyiladi AQSH davlat departamenti xabarida.

Birinchi tashrif emas

Serjio Gor o‘tgan yil oktabr oyida O‘zbekistonga kelgandi. O‘shanda u prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida ham bo‘lgan va unga AQSH prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazgan (https://vaqt.uz/oz/news/mirziyoyev-trampning-ozbekistonda-tugilgan-maslahatchisi-bilan-uchrashdi-12074).

Qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlangan. Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qilgan. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan. Noyabrda Vashington shahrida «S5+1» formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Serjio Gor kim?

Serjio Gor 1986 yil 30-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan.

«Times of Malta» va «OCCRP» aniqlashicha, u aslida Serxio Goroxovskiy nomi bilan 1986 yil 30-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan ekan. Bu ma’lumot jurnalistlar qo‘liga tushgan Gorning Maltadagi ko‘chmas mulki hujjatlarida keltirilgan. Amaldorning advokati Robert Garson o‘z mijozining Toshkentda tug‘ilganligini tasdiqlagan. Gor bolaligida Maltada kamida besh yil yashagan. Xususan, u 1996 yildan 1999 yilgacha Vittorioza shahridagi o‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan katolik maktabida ta’lim olgan. Keyinchalik (aniq vaqti ko‘rsatilmagan) Gorning oilasi AQSHga ko‘chib o‘tgan va u yerda fuqarolik olgan. Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Gor Tramp ma’muriyatida ishlashidan avval Rossiyaga ikki marta tashrif buyurgan ekan. 2017 yilda u Vashingtondan Moskvaga uchib kelgan, Rossiya poytaxtida bir kun bo‘lib, ertasi kuni Rimga jo‘nab ketgan. 2018 yilda esa, o‘sha paytda respublikachi senator Rend Pol bilan hamkorlik qilayotgan Gor, Amerika libertarian tahlil markazi hisoblangan Katon instituti moliyalashtirgan tadbir doirasida Moskvaga tashrif buyurgan. Bu tashrif «Rossiya va AQSH bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish, muhokama qilish va tahlil etish uchun faktlarni aniqlash safari» deb nomlangan. Gorning advokati uning Moskvaga safarlarini amaldorning «sayyohlikka ishqibozligi» bilan izohladi. Gorning 2017 yildagi Rossiya poytaxtiga tashrifini esa u «tranzit parvoz» deb atadi.

«Axios» nashri Serxio Gorni Oq uydagi Trampning eng ta’sirli maslahatchilaridan biri sifatida ta’riflagan. Gor AQSH prezidentining o‘g‘li kichik Donald Tramp bilan hamkorlikda Tramp va uning hamfikrlarining kitoblarini nashr etuvchi «Winning Team Publishing» nashriyotini tashkil etgan. 2020 yilda Gor Trampning saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ to‘plashga mas’ul bo‘lgan, 2024 yilda esa hozirgi AQSH prezidenti kampaniyasiga deyarli 72 million dollar sarflagan Siyosiy harakatlar qo‘mitasini tuzgan. Oq uyda kadrlar bo‘yicha direktor lavozimini egallagach, Gor Tramp ma’muriyati xodimlarining sodiqligini tekshirish tizimini joriy etgan.

Keyinchalik Tramp uni AQSHning Hindistondagi elchisi va Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil etib tayinladi. O‘tgan yil noyabrda esa Gor O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bilan birga yangi tashkil etilgan AQSH–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraislari etib tayinlandi.

Teglar

Mavzuga oid