
Tramp Tailand va Kambodja o‘rtasidagi to‘qnashuvni bojlar orqali to‘xtatishga harakat qilmoqda
27.07.2025 | 11:004713
AQSH prezidenti Donald Tramp Tailand va Kambodja o‘rtasidagi qurolli nizoni bartaraf etish uchun har ikki mamlakat rahbarlari bilan telefon orqali suhbatlashib, urush chog‘ida bojlar bo‘yicha kelishuv bo‘lmasligini bildirdi. Ikki tomon to‘qnashuvni to‘xtatishga tayyor ekani aytildi.

Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida ma’lum qilishicha, u avval Kambodja Bosh vaziri Hun Manet bilan gaplashgan, keyin esa Tailandda vaqtincha bosh vazir vazifasini bajaruvchi Phumtam Vechayachay bilan muloqot qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki davlat hozirgi urushni tugatishga tayyorligini bildirgan. Shu sababli, u otishmani to‘xtatish «tabiiy yo‘l» ekanini ta’kidlagan.
Tramp mazkur nizoni Hindiston va Pokiston o‘rtasida 2025 yil aprel-may oylarida yuz bergan keskinlikka qiyosladi. O‘shanda ham AQSH vositachiligi bilan otishma to‘xtatilgandi. Trampga ko‘ra, har ikki holatda ham mamlakatlar o‘zaro eskalatsiyani to‘xtatishga tayyor bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, Tailand va Kambodja chegarasidagi tortishuv 23–24 iyul kunlari otishmalarga aylandi. Har ikki tomon qurbonlar va yaradorlar haqida ma’lum qilgan. Bu zo‘ravonlikning avj olishi Tailanddagi siyosiy beqarorlik bilan bog‘lanmoqda: iyul boshida bosh vazir Phettongtan Chinnavot vazifasidan chetlatilgan va uning o‘rniga Vechayachay kelgan.
Hudud masalasidagi bahslar allaqachondan buyon davom etib keladi. Xususan, UNESCO merosi deb e’lon qilingan Preah Vihear ibodatxonasi atrofidagi bahs-xusumat uzoq yillardan beri hal qilinmagan. 1962 yili Xalqaro sud majmuani Kambodja hududi deb topgan bo‘lsa-da, Tailand bu qarorni tan olmagan.





