Tramp va uning oilasi o‘tgan yillar uchun soliq tekshiruvlaridan butunlay ozod qilindi

Bugun 08:452 daqiqa

Tramp 1970 yillardan beri o‘z soliq deklaratsiyalarini e’lon qilishdan bosh tortgan birinchi AQSH prezidenti hisoblanadi.

Tramp va uning oilasi o‘tgan yillar uchun soliq tekshiruvlaridan butunlay ozod qilindi

AQSH Adliya vazirligi Ichki daromadlar xizmatiga (IRS) Prezident Donald Tramp va uning oila a’zolarining o‘tgan yillardagi soliq deklaratsiyalarini tekshirishni taqiqladi. Bu qaror Trampning o‘z soliq hujjatlari sizib chiqqani sababli mazkur xizmat ustidan bergan sud da’vosi o‘zaro kelishuv bilan yakunlanganidan keyin qabul qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Tramp ushbu da’vo doirasida soliq idorasidan 10 milliard dollar tovon puli talab qilgan edi. Nizoni kelishuv yo‘li bilan hal etish doirasida, avvalgi prezident ma’muriyati davrida noqonuniy ta’qibga uchraganini da’vo qilgan Tramp tarafdorlariga kompensatsiya to‘lash uchun 1,8 milliard dollarlik fond tashkil etilishi e’lon qilindi. Trampning o‘ziga esa pul to‘lanmasdan, faqat rasmiy uzr so‘ralishi bildirilgan. Keyinroq Adliya vazirligi saytida e’lon qilingan va bosh prokuror vazifasini bajaruvchi Todd Blansh tomonidan imzolangan alohida hujjatda AQSH hukumati Trampga nisbatan soliq da’volaridan voz kechishi va bundan buyon unga qarshi da’vo qo‘zg‘atish huquqidan butunlay mahrum bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Adliya vazirligi ushbu taqiq faqat o‘tgan yillardagi deklaratsiyalarga tegishli ekanini, Tramp va uning oilasi kelajakda topshiradigan soliq hisobotlariga daxl qilmasligini tushuntirdi. Mazkur qaror Kongressning soliqlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari, demokrat Richard Nil tomonidan «korrupsiya» deb baholandi. Tramp 1970 yillardan beri o‘z soliq deklaratsiyalarini e’lon qilishdan bosh tortgan birinchi AQSH prezidenti hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Trampning Ichki daromadlar xizmatiga (IRS) qarshi da’vo arizasi 2026 yilning yanvar oyida topshirilgan edi. Bunga uning birinchi prezidentlik davrida, ya’ni 2018–2020 yillardagi soliq deklaratsiyalari OAVda e’lon qilib yuborilgani sabab bo‘lgan. Ushbu hujjatlarni matbuotga sizidirgan sobiq soliq xodimi Charlz Littljon 2024 yilda besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid