Logo

Tramp yong‘inlar tutuni uchun Kanadaga qo‘shimcha boj joriy qilmoqchi

Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni AQSHga hududiga tarqalayotgani uchun Ottavani aybladi va tariflarni yanada oshirishini aytdi.

Tramp yong‘inlar tutuni uchun Kanadaga qo‘shimcha boj joriy qilmoqchi © dw.com

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari oqibatida hosil bo‘lgan tutun AQSH hududiga tarqalayotgani uchun Ottavani qattiq tanqid qildi. Uning fikricha, bu holat mamlakatga ekologik va iqtisodiy zarar yetkazmoqda.

Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kanada o‘z o‘rmonlarini samarali boshqarmayotganini ta’kidlab, buni «umuman qabul qilib bo‘lmaydigan» vaziyat deb atadi. U Kanada Bosh vaziri Mark Karniga qo‘ng‘iroq qilib, muammoni hal etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilishini so‘rashini ma’lum qildi.

AQSH prezidentining ta’kidlashicha, «qasddan qilingan beparvolik» tufayli AQSH har yili milliardlab dollar zarar ko‘rmoqda. Shu munosabat bilan u havo ifloslanishining iqtisodiy xarajatlari Kanada tovarlariga nisbatan amal qilayotgan mavjud tariflarga qo‘shilishi kerakligini bildirdi.

Kanada javobi


Kanadaning Favqulodda vaziyatlar va jamoalar barqarorligi vaziri Eleanor Olshevski mamlakat hukumati 2020 yildan buyon o‘rmonlarni muhofaza qilish va yong‘inlarning oldini olishga 12 milliard Kanada dollari yo‘naltirganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Kanada o‘rtasida o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘p yillik hamkorlik mavjud. Hozirgi asosiy vazifa esa kanadaliklar xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi.

Mark Karni idorasi Trampning bayonotlariga hozircha rasmiy munosabat bildirmagan. Shu bilan birga, ikki davlat rahbarining 20-iyul kuni Nyu-Jersida futbol bo‘yicha Jahon chempionati finali doirasida uchrashishi kutilmoqda.

Yong‘inlar kengaymoqda

Joriy yilda Kanadadagi yirik yong‘inlar asosan Ontario viloyatining shimoli-g‘arbiy qismida kuzatilmoqda. Hozirgacha qariyb 650 ming akr, ya’ni 2 630 kvadrat kilometr hudud yonib ketgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan yuqori. Minglab odamlar evakuatsiya qilingan.

Mutaxassislar global iqlim isishi o‘rmonlarning qurishi va yirik yong‘inlar soni ortishiga sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, AQSHning o‘zida ham vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Milliy idoralararo yong‘in markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon mamlakatda 3,7 million akr yer maydoni yongan. Bu so‘nggi o‘n yillik o‘rtacha 2,7 million akrlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori.

Teglar

Mavzuga oid