Transport vositalari uchun naqdsiz hisob-kitoblar noqulaylik tug‘dirmadi — Markaziy bank

Kecha 10:521 daqiqa

2025 yilda Toshkent jamoat transportida tranzaksiyalar 692 millionga yetdi, naqdsiz to‘lovlar keskin oshdi.

Transport vositalari uchun naqdsiz hisob-kitoblar noqulaylik tug‘dirmadi — Markaziy bank

2025 yilda jamoat transportida jami 692 million tranzaksiya amalga oshirilgan. Bu haqda ayrim to‘lovlarni naqdsiz shaklda amalga oshirish tartibi yuzasidan o‘tkazilgan media muloqotda ma’lum qilindi.

Mazkur ko‘rsatkich 2024 yildagi 510 million tranzaksiyaga nisbatan 36 foizga ko‘p. Transport kartalari orqali 213 million tranzaksiya qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 52 foizga oshgan.

Shuningdek, mobil ilovalar va virtual kartalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar 234 foizga keskin ko‘paygan. Bu transport sohasida raqamli to‘lov tizimlari keng joriy etilayotganini ko‘rsatadi.

Yo‘lovchilar oqimi ham o‘sgan. 2025 yilning birinchi yarmida jamoat transportidan foydalanganlar soni 206 millionni tashkil etgan. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 48 millionga yoki 31 foizga ko‘p.

Umuman olganda, mamlakat bo‘yicha ham to‘lovlar hajmi oshgan. 2025 yilda aholiga amalga oshirilgan to‘lovlar 692 milliard so‘mni tashkil etib, bu 2024 yilga nisbatan 16 foizga ko‘p. Naqd pul yechib olish darajasi esa 13–14 foiz atrofida shakllangan.

Transportda naqdsiz tizim joriy etilishi aholining ushbu tizimga tez moslashganini ko‘rsatmoqda.

“Naqd pul bekor qilinganidan keyin aholi tez va tabiiy ravishda raqamli to‘lovlarga moslashgan. Transport vositalari uchun naqdsiz hisob-kitoblar fuqarolar uchun hech qanday noqulaylik keltirmadi”, — dedi Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev.

Teglar

Mavzuga oid