add

Tunu-kun ishlovchi ko‘chalarda reklama va yoritishga elektr narxlari ikki baravarga kamaytirilishi mumkin

10.09.2025 | 11:4036754

Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida tadbirkorlarga kredit xarajatlari va yoritish uchun imtiyozli shartlar taklif etilmoqda.

Tunu-kun ishlovchi ko‘chalarda reklama va yoritishga elektr narxlari ikki baravarga kamaytirilishi mumkin
Strategik islohotlar agentligi tomonidan tayyorlangan prezident qarori loyihasida kechasi va tunda ishlaydigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash choralari nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, «24 soatlik ko‘chalar»da filial ochgan mahalliy brend egalariga kredit foizini to‘lash bo‘yicha xarajatlar qoplab beriladi. Mahalliy brendga ega tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tunu-kun faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘cha va hududlarda o‘z filialini ochish uchun bir filial kamida:
  • 5 ta yangi ish o‘rni yaratgan taqdirda 1 milliard so‘mgacha;
  • 10 ta yangi ish o‘rni yaratgan taqdirda 5 milliard so‘mgacha;
  • 15 ta yangi ish o‘rni yaratgan taqdirda 10 milliard so‘mgacha;
  • 20 ta yangi ish o‘rni yaratgan taqdirda 15 milliard so‘mgacha ajratilgan kreditlar bo‘yicha foizli xarajatning Markaziy bank asosiy stavkasidan 4,5 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha asosiy stavkaning 25 foizigacha miqdorda uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga kompensatsiya taqdim etiladi;
Yangi xodimlarni tayyorlash va qayta o‘qitish xarajatlarining yarmi, bir nafar xodim uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining besh barobaridan oshmagan qismi qoplab beriladi. Shuningdek, mahalliy mahsulotlar uchun milliy sertifikat olish xarajatlari to‘liq, xalqaro sertifikatlar bo‘yicha esa 3 ming dollargacha kompensatsiya ajratiladi. Eng muhim o‘zgarishlardan biri — 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab tunu-kun ishlaydigan ko‘cha va hududlarda tashqi reklama, mediafasad va yoritish qurilmalari uchun elektr energiyasi tarif koeffitsiyenti 3 baravardan 1,5 baravarga tushirilishi. Bu tadbirkorlar uchun xarajatlarni sezilarli qisqartirishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid