
Turkiya O‘zbekistonda qandolat mahsulotlari zavodini ochishi mumkin
30.08.2025 | 12:3018143

O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Haydarov Turkiyaning Kahramonmarash viloyatiga amaliy tashrif doirasida qator muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy yilning sentyabr va oktyabr oylari o‘tkazilishi rejalashtirilgan «TextileExpo Uzbekistan Autumn», «CAITME 2025», «Texworld Tashkent» hamda «Apparel Sourcing Tashkent» xalqaro ko‘rgazmalari doirasida Qahramonmarash viloyati ishbilarmon doira vakillarining O‘zbekistonga biznes-missiyasining tashkil etishga kelishildi.
Maxsus uchrashuv Kahramonmarashdagi dunyoga mashhur «Mado» kompaniyasi rahbari Mexmet Kanbur bilan bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida kompaniyaning O‘zbekistonda savdo nuqtalarini kengaytirish va «premium brend» sifatida to‘liq siklli qandolat mahsulotlari zavodini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida «Temsan Makina» va «Arikan Group» korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari bilan ham tanishildi. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi mahalliy to‘qimachilik korxonalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirish, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va qo‘shma brendlarni rivojlantirishga qaratilgani ta’kidlandi.





