add

Turkiyaga sayohatga borgan oilaning vafotiga nima sabab bo‘lgani aytildi

28.11.2025 | 18:1813572 daqiqa

Gamburgdan Istanbulga bir haftaga dam olish uchun kelgan er-xotin va ularning ikki farzandi o‘limiga zararkunandalarga qarshi ishlatilgan dori sabab bo‘lgan.

Turkiyaga sayohatga borgan oilaning vafotiga nima sabab bo‘lgani aytildi

Turkiyaga Germaniyadan bir haftaga dam olish uchun kelgan kelgan turk-nemis oilasining o‘limiga mehmonxonada zararkunandalarga qarshi ishlatilgan insektitsiddan moddasi sabab bo‘lgan. Bu haqda Istanbul prokuraturasi kecha, 27-noyabr payshanba kuni sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, oila fosfin gazi ta’sirida zaharlangan. Ilgari taxmin qilinganidek, ovqatdan zaharlanish varianti tasdiqlanmadi. Shuningdek, oilaning o‘limiga tan jarohati sabab bo‘lganini ko‘rsatuvchi biror-bir belgi aniqlanmagan.

Tergov doirasida qo‘lga olingan olti kishi hali ham tergov izolyatorida saqlanmoqda. Ular orasida mehmonxona egasi va zararkunandalarga qarshi kurashuvchi kompaniya egasi ham bor. Yana to‘rt nafar gumonlanuvchi allaqachon ozodlikka chiqarilgan. Rasmiylar ilgari bu ish doirasida oila oziq-ovqat sotib olgan ko‘cha sotuvchilarini ham ushlab, so‘roq qilgan edi.

Istanbul prokuraturasi aynan qaysi moddadan foydalanilganiga aniqlik kiritmagan. Biroq OAV sud shifokorlari hisobotiga tayanib, mehmonxonada zaharli fosfin gazi topilgani haqida xabar berdi. «Anadolu» davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, fosfin mehmonxona xonasida olingan namunada ham, shuningdek sochiqlarda ham topilgan.

Alyuminiy fosfid ko‘pincha zararkunandalarga qarshi kurashda qo‘llaniladi. U suv bilan yoki hatto havodagi namlik ta’sirida zaharli fosfin gazini ajratadi. Bu gaz sut emizuvchilar organizmi hujayralarini zararlaydi va yuqori konsentratsiyada qonda kislorod transportini buzadi. Fosfin bilan nafas olish yo‘tal, qusish, jigar va buyrak faoliyatining buzilishiga sabab bo‘lishi hamda o‘limga olib kelishi mumkin.

Turk matbuoti eslatishicha, alyuminiy fosfidi bilan bog‘liq shunga o‘xshash fojia ikki yil avval Anqarada ham sodir bo‘lgan: o‘sha payt ikki kishi vafot etgan, o‘n uch kishi shifoxonaga yotqizilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 9-noyabr kuni Gamburgdan Istanbulga bir haftaga dam olish uchun kelgan, so‘ngra Afyon-Karahisardagi bobosini ziyorat qilishni rejalashtirgan er-xotin va ularning ikki farzandi birin-ketin vafot etgandi.

Dastlabki taxmin — ovqatdan zaharlanish edi. Bir hafta avval oila Istanbulning Ortaköy tumanida ko‘cha sotuvchisidan midiya olib yegan. Keyin esa restoranda mahalliy taom — kokorech va tavuk tantuni buyurtma qilib ovqatlangan.

Shundan so‘ng ular Fatih tumanida mehmonxonaga qaytishdan oldin o‘zlariga rahat-lukum xarid qilishgan. Ko‘p o‘tmay, uch yoshli Masal va olti yoshli Kadirda kuchli qayt qilish boshlandi. Ota-ona — 38 yoshli Servet va 27 yoshli Chidem Byochek — bolalarni shifoxonaga yetkazishga ulgurgan, ammo o‘sha alomatlar tez orada o‘zlarida ham paydo bo‘ldi.

Tibbiy yordamdan keyin ularga shifoxonadan javob berishgan va mehmonxonaga qaytishgan, biroq ertasi kuni yana o‘tkir simptomlar bilan shifoxonaga olib kelingan. Shu yerda bolalar va ona vafot etgan. Ota esa oradan bir kun o‘tib, hayotdan ko‘z yumgan.

Teglar

Mavzuga oid