Logo

Turkmanistonda yoqilg‘i tanqisligi: neft qazib oluvchi mamlakat nega inqirozga duch keldi?

Bugun 11:255 daqiqa

Alohida samolyotlarda uchadigan Gurbanguli Berdimuhamedov va uning qizi O‘g‘iljahon Otabayevaning rejasiz xorij safarlari ham vaziyatga salbiy ta’sir qilayotgani aytilgan.

Turkmanistonda yoqilg‘i tanqisligi: neft qazib oluvchi mamlakat nega inqirozga duch keldi? © inbusiness.kz

Turkmanistonda bir necha yildan beri yoqilg‘i taqchilligi keskin tus olgan. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari oldida uzun navbatlar yuzaga kelmoqda. Agar poytaxt Ashxobodda bu muammo unchalik sezilmasa ham, viloyatlar va chekka tumanlarda benzin hamda dizel tanqisligi odamlarni hatto prezident nomiga telegrammalar yuborishga majbur qilmoqda.

Biroq o‘z neftini qazib olib, uni qayta ishlaydigan mamlakatda aviakerosin ham yetishmayapti. 2024 yil oxirida vaziyat shu qadar og‘irlashdiki, fuqarolik aviatsiyasi parvozlari deyarli to‘xtab qolish xavfi ostida qoldi.

Kerosinga bo‘lgan keskin ehtiyoj

«Sizga ma’lum qilamizki, 3-iyun holatiga ko‘ra, Ashxobod xalqaro aeroporti tasarrufida TS-1 markali aviakerosindan atigi 2500 tonna qolgan. Kuniga o‘rtacha 700 tonna yoqilg‘i sarflanishini hisobga olsak, mavjud zaxira 2–3 kunga yetadi».

Bu gaplar 2024 yilda Ashxobod xalqaro aeroporti bosh direktori Murat Suxanberdiyev tomonidan «Turkmenneft» davlat konserniga yo‘llangan maktubdan olingan. Unda amaldor Annau shahridagi neft mahsulotlari bazasi aeroportni kerosin bilan o‘z vaqtida ta’minlamayotganini, bu esa parvozlar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va reyslar jadvalining buzilishiga olib kelishi mumkinligini bildiradi.

Ko‘rinishidan, o‘sha tanqidiy vaziyatdan qandaydir yo‘l bilan chiqishga muvaffaq bo‘lingan: reyslar bekor qilinmagan. Ammo yoqilg‘i bilan ta’minlash muammosi tubdan hal etilmagan — oradan olti oy o‘tib, vaziyat yana takrorlangan. 16-dekabr kuni «Turkmenneft» rahbariyatiga bu safar «Turkmenhowaýollary» agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Sulaymon Durdiyev maktub yo‘llaydi. U reyslar sonining ortgani hamda Ashxobod aeroportiga xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy va xalqaro aviakompaniyalarning kerosinga bo‘lgan talabi oshgani sababli yoqilg‘ining kunlik o‘rtacha sarfi 850 tonnaga yetganini ma’lum qiladi. Maktub yozilgan paytda poytaxt aeroporti zaxirasida atigi 728 tonna kerosin qolgan bo‘lib, bu bir kunga ham yetmaydi.

photo_2026-07-07_10-57-11

Aeroportda yoqilg‘i tanqisligiga aynan nima sabab bo‘layotgani aniq emas. Biroq «Turkmen.news» manbalariga ko‘ra, bu muammo hanuzgacha dolzarbligicha qolmoqda. Uni faqat uzoq davom etadigan rasmiy yozishmalar orqali vaqtincha hal qilishga erishilmoqda, xolos, buning ustiga vaziyat mutlaqo keskinlashganidagina.

2026 yil iyun oyida Durdiyev yana «Turkmenneft»ga, shuningdek uning tarkibidagi «Turkmenneftmahsulotlari» bosh boshqarmasiga murojaat qilib, iyul oyiga ajratilgan aviakerosin kvotasini Turkmanboshi aeroportidan Ashxobod aeroportiga, Mari aeroporti uchun mo‘ljallangan yoqilg‘ini esa Dashog‘uz aeroportiga yo‘naltirishni so‘raydi. Hozircha bu murojaatga javob berilmagan. Nashrning «Turkmenhowaýollary» davlat xizmatidagi (2025 yildan buyon agentlik shunday nomlanadi) manbasi aytishicha, mamlakat aviatsiya rahbariyati kerosin ta’minoti masalasini doimiy ravishda qo‘lda boshqarish orqali hal qilishdan allaqachon charchagan.

«Asosiy muammo shundaki, ham aviatsiya, ham neft sohasi davlat tomonidan haddan tashqari qat’iy tartibga solingan. Ishlab chiqarish rejalari, taqsimot kvotalari, narxlar — bularning barchasi bir yil oldindan va prezident darajasida tasdiqlanadi. Bunga aviakerosinni temiryo‘l orqali yakuniy iste’molchiga yetkazib berish tizimini ham qo‘shing: u ham prezident tasdiqlagan yillik reja asosida ishlaydi. Ana shu murakkab zanjirdagi istalgan uzilish vaziyatni keskinlashtirib yuboradi. Shu bilan birga, amaldorlar mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan yoki davlat rahbariga ayrim jihatlarni qayta ko‘rib chiqishni taklif etishdan qo‘rqadi», — deydi manba.

Turkmanistonda neftni qazib olish, qayta ishlash va taqsimlash to‘liq davlat nazoratida. 2025 yilda hukumat 4,96 million tonna xom neft qayta ishlanganini, undan jumladan 434 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarilganini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, rasmiylar bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 5,4 foizga yuqori ekanini ta’kidlagan. Demak, 2024 yilda 411 ming 765 tonna aviakerosin ishlab chiqarilgan. Har yili Turkmaniston prezidenti maxsus qaror bilan ushbu hajmlar ichki va tashqi iste’molchilar o‘rtasida qanday taqsimlanishini tasdiqlaydi. Aniq kvotalar e’lon qilinmaydi, biroq Durdiyevning maktubiga ko‘ra, o‘sha yili Ashxobod aeroportining ehtiyoji 310 ming 250 tonnani tashkil etgan.

Shu bilan birga, mamlakatda yana oltita aeroport faoliyat yuritadi: Turkmanboshi, Balkanobod, Kerki, Turkmanobod, Mari va Dashog‘uz. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat chegara xizmati kabi boshqa ichki iste’molchilar ham mavjud. Ularning ehtiyojlari uchun qancha aviakerosin ajratiladi?

«Turkmen.news»ning yozishicha, 2026 yil uchun ichki iste’molchilarga jami 320 ming tonna aviakerosin ajratilgan. Shundan 298 ming tonnasi aeroportlarga berilgan, yana 21 ming 700 tonna esa «Turkmenhowaýollary» agentligining zaxira fondiga yo‘naltirilgan. Biroq 298 ming tonna hatto ikki yil avvalgi ehtiyojlar bo‘yicha ham, hatto poytaxt aeroportining o‘zi uchun ham yetarli emas. Holbuki, o‘shandan buyon mamlakat ichidagi va xalqaro reyslar soni yanada ko‘paygan.

Bundan tashqari, Turkmaniston aviakerosinni eksport ham qiladi. Uni ichki bozorda juda arzon narxda sotishdan ko‘ra, xorijga sotish ancha foydaliroq. Davlat «Turkmenneftmahsulotlari»dan bir tonna yoqilg‘i uchun atigi 27,74 manat (1,5 AQSH dollaridan ham kam) oladi.

Bugungi kunda TS-1 markali aviakerosinning jahon bozoridagi o‘rtacha narxi bir tonna uchun qariyb 930 AQSH dollarini tashkil etadi. Turkmanistondan eksport qilinadigan aviakerosin hajmi oshkor qilinmaydi, biroq alohida bitimlar va eksport yo‘nalishlari haqidagi ma’lumotlarga qaraganda, u yiliga kamida bir necha o‘n ming tonnani tashkil etadi.

Shunday qilib, Turkmaniston qat’iy ichki rejalashtirish tizimini yoqilg‘ini bozor mexanizmlari asosida xorijga sotish bilan uyg‘unlashtirishga urinmoqda. Ammo aynan ichki ta’minot tizimida bu yondashuv ishlamayapti. Hatto oddiy hisob-kitoblar ham bir-biriga mos kelmaydi. Bunga yana kutilmagan holatlar, masalan, Gurbanguli Berdimuhamedov va uning qizi O‘g‘iljahon Otabayevaning rejasiz xorij safarlari ham qo‘shiladi. Ota va qiz turli samolyotlarda parvoz qiladi.

«Arkadag‘»ning AQSHga so‘nggi safari chog‘ida uning samolyoti u yerda nosoz holatga kelgan. Shu sababli Ashxoboddan uning ortidan yana bir hukumat samolyoti yuborilgan.

photo_2026-07-07_10-58-15

Bunday holatlar uchun saqlanadigan zaxira yoqilg‘i esa, ko‘rinib turibdiki, yetarli emas. Bundan tashqari, nashrga ko‘ra, soxta hisobotlar va talon-torojlar oqibatidagi yo‘qotishlar ham mavjud. Bu holatlar mamlakatning oliy rahbariyatiga sir emas, biroq ular hanuzgacha bartaraf etilmagan va rasmiy hisob-kitoblarda aks ettirilmaydi. Eng muhimi esa, amaldagi rejalarda rivojlanish uchun umuman imkoniyat ko‘zda tutilmagan.

«O‘zbekistonga va boshqa kutilayotgan yo‘nalishlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qimmat xalqaro aeroportlarning o‘zini oqlashi Turkmaniston uchun yaqin kelajakda kutilmaydi. Chunki ustuvor vazifa haqiqiy rivojlanish emas, balki hisobotlarda sun’iy barqarorlikni saqlab qolish bo‘lib qolmoqda», — deya yozgan nashr.

2025 yil avgust oyida Balkan viloyatining Etrek shaharchasida yashovchi, Turkmaniston neft sanoatining vatani hisoblangan hudud fuqarosi Po‘lat Berdiyev Serdar Berdimuhamedov nomiga telegramma yo‘lladi. Unda muallif AI-95 markali benzinning yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yetishmasligi aholiga jiddiy qiyinchilik tug‘dirayotganidan shikoyat qilib, prezidentdan ushbu muammoni hal etishda yordam berishni so‘ragan. Biroq manbalarining ma’lumotiga ko‘ra, bu muammo hanuzgacha saqlanib qolmoqda. U nafaqat Balkan viloyatida, balki Turkmanistonning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston yoqilg‘i narxlarining o‘sishini cheklagandi.

Teglar

Mavzuga oid