«U sharoitda yashash mumkinligiga hech kim ishonmaydi» – Shavkat Mirziyoyev paxta terimi yillarini esladi
Davlat rahbari o‘zining maktab yillarini eslar ekan, har yili 4,5 oy paxta terimida qatnashgani sababli amalda 11 yillik ta’limning faqat 7 yilini maktabda o‘tkazganini ta’kidladi.
© prezident.uzO‘zbekistonda oldin maktab o‘quvchilari har yili 4,5 oy paxta terimida bo‘lgan, ular orasida prezident Shavkat Mirziyoyev ham bor edi. U bugun, 1-iyun kuni madaniyat va san’at xodimlari bilan sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuvda shu haqda gapirar ekan, zominlik o‘quvchilar paxta terimiga Qozog‘istonga jo‘natilganini aytdi.
«Mana men ham qishloqda o‘sganman. Zomin – paxtaga hech qanday aloqasi yo‘q jannatmakon bir yurt. Lekin u yurtga birov na bir mehmonxona qurgan, na bir yo‘l qurgan, na bir koshona qurgan. Hech balosi yo‘q. Bizni 500 km masofadagi paxtaga olib kelib tashlardi, 4,5 oy paxtada bo‘lardik», – dedi prezident.
U attestatida 11 yil o‘qigani yozilgan bo‘lsada, maktabga 7 yil borganini, chunki har yilgi 4,5 oylik paxta terimi bilan shunga to‘g‘ri kelganini qayd etadi.
«Odamlar o‘ylaydi, bu maktabga bormagan ekan, qanaqa bu lavozimlarga erishgan bo‘lsa kerak deb. Yo‘q, unday emas. Har yili 4,5 oy paxtada bo‘lardik. Qozog‘istonga olib kelib tashlardi biz zominliklarni. Uydagilar kelib ko‘ra olmasdi, sharoitimiz... Ana endi yumshoq aytganda, ko‘rganlar biladi, eshitganlar biladi, lekin uni aytish hozir, aytsang ham hech kim ishonmaydi, u sharoitda yashash mumkinligiga. Yashaganmiz shu sharoitda!» – deydi Shavkat Mirziyoyev.
«Lekin men juda katta ziyolilardan ham ko‘p-ko‘p eshitishni xohlayman, mana shu madaniyat xodimlarimizdan ham eshitishni xohlayman. Oddiy gap – prezidentni qo‘llab-quvvatlash emas, o‘sha kunlar nima edi-yu, hozir nima? Tasavvur qilinglar, 4 yarim oy maktabda bo‘lmagan o‘qituvchining bilim saviyasi nima bo‘ladi? 4 yarim oy bo‘lmagan o‘quvchining sharoiti nima bo‘ladi, degan savolga ziyolilardan ham ko‘p chiroyli gaplar eshitaman, lekin buni birorta odam esdan chiqarib yubordi. Yaxshilik tez unutiladi desak, shuning uchun men bu gaplarni sizlarga aytmasam kimga aytaman?
Shuning uchun birgalikda, mana bugun ham juda katta islohotlar to‘g‘risida takliflarim bor, agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangizlar, baribir ma’naviyatni, ma’rifatni, o‘zligimizni anglash sizlarga bog‘liq», – dedi davlat rahbari.





