
Ukraina dron hujumlari ishg‘ol etilgan hududlarda 1 millionga yaqin odamni elektr energiyasiz qoldirdi
03.06.2025 | 21:3026323
Ukraina dronlarining Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan Janubiy Ukrainadagi hududlarga uyushtirgan hujumlari ortidan Zaporoje va Xerson oblastlarida kamida 700 mingdan ortiq odam elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda Rossiya tayinlagan mahalliy amaldorlar ma’lum qildi.

Rossiya tomonidan tayinlangan ma’murlar ma’lum qilishicha, dron hujumlari Janubiy Ukrainaning ishg‘ol qilingan Zaporoje va Xerson oblastlariga uyushtirilgan. 2022 yil sentyabrda Moskva bu hududlarni Donetsk va Lugansk bilan birga anneksiya qilganini e’lon qilgan edi.
Zaporoje oblastining ishg‘ol qilingan qismlarida Kreml tayinlagan gubernator Yevgeniy Balitskiyning ma’lum qilishicha, dushanba kuni kechqurun butun hudud elektr ta’minotisiz qolgan. Seshanba tongiga kelib, 457 ta aholi punktida yashovchi 600 mingdan ziyod odamda hamon svet yo‘q edi.
Qo‘shni Xerson viloyatida Rossiya tayinlagan gubernator Vladimir Saldoning aytishicha, u yerda ham 150 dan ortiq aholi punktida 104 ming kishi elektr ta’minotisiz qolgan.
Saldo Telegramda yozganiga ko‘ra, dronlar parchalari Xersonning Genichesk tumanidagi yangi elektr podstansiyasini va Zaporojening Melitopol tumanidagi yana bir podstansiyani zararlagan. U yonib turgan podstansiya suratini ham baham ko‘rgan.
Har ikki amaldorning ta’kidlashicha, suv ta’minoti kabi muhim infratuzilma ob’ektlari zaxira generatorlarga ulangan. Yong‘inlar o‘chirilgan yoki o‘chirish ishlari yakuniga yetayotgan, elektr ta’minotini tiklash ishlari boshlangan.
Ukraina rasmiylari bu hujumlar yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.





