
Ukraina Putin–Tramp sammiti oldidan «provokatsiya» uyushtirmoqchiligini ma’lum qildi — Rossiya Mudofaa vazirligi
13.08.2025 | 12:1531903
Moskva Kiyevni 15 avgustdagi Putin–Tramp uchrashuvi oldidan tinch aholiga hujum uyushtirish orqali muzokaralarni buzishda aybladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina 15 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Vladimir Putin va Donald Tramp muzokaralari oldidan «provokatsiya» tayyorlayotgani haqida bayonot berdi. Bu haqda Meduza xabar qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina xavfsizlik xizmati xorijlik jurnalistlarni Xarkov viloyatining Chuguyev shahriga olib borgan. Rasmiy bayonotda aytilishicha, ular «frontga yaqin shahar aholisi haqida reportaj tayyorlash bahonasida» olib kelingan va keyinchalik «provokatsiya»ni yoritishlari ko‘zda tutilgan.
Moskva da’volariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari aholi yashaydigan kvartallarga yoki ko‘plab qurbonlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan shifoxonaga uchuvchisiz apparatlar va raketalar yordamida hujum uyushtirishni rejalashtirgan. Maqsad — «salbiy axborot maydoni» yaratish va muzokaralarni buzish uchun Rossiyani ayblash.
Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida hech qanday dalil keltirmadi va ma’lumot manbalarini oshkor etmadi.
Putin va Trampning uchrashuvi 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtati Ankorij shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu muzokaralar xalqaro siyosiy jarayonda muhim voqea sifatida ko‘rilmoqda.
Avvlroq, Tramp Putin bilan 15 avgust kuni Alyaskada uchrashishi haqida batafsil ma’lumot bergan edik.





