Umid dengizi: Qozog‘istonda Shimoliy Orol qayta tiklanmoqda
Bir vaqtlar ekologik falokat ramziga aylangan Orol dengizining shimoliy qismi hayotga qaytmoqda. Ko‘karal to‘g‘oni qurilishi suv sathini oshirish va mintaqada iqtisodiy faollikni qayta tiklash imkonini berdi.
© altyalash.kzShimoliy Orol hayotga qaytmoqda. Noyob ekologik loyiha 30 yil avval amalga oshishi mumkin emasdek tuyulgan ishni ro‘yobga chiqarishga yordam berdi. Bir vaqtlar yagona bo‘lgan suv havzasining bir necha qismga ajratilishi uning shimoliy qismi uchun qutqaruvchi yechim bo‘ldi.
Bugun ilk sun’iy dengiz – Kichik Orol yangi qiyofa kasb etmoqda, deb xabar berdi «24.kz» telekanali.
O‘tgan asrning 60-yillarida Orol dengizi maydoni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallaganini telekanal eslatib o‘tdi. Suv havzasi qariyb 70 ming kvadrat kilometr hududni qamrab olgan edi. Biroq suv resurslaridan nooqilona foydalanish ekologik falokatga olib keldi: Orol o‘z hajmining to‘rtdan uch qismini va suv yuzasining yarmidan ko‘prog‘ini yo‘qotdi.
«Mustaqillikning dastlabki yillarida mintaqa hatto tugatilishi mumkin bo‘lgan hudud sifatida ko‘rib chiqilgan edi. Orol tez sur’atlarda chekinib borar, zavodlar yopilar, aholi ommaviy ravishda o‘z uylarini tark etayotgan edi. Qutqaruv yo‘li sifatida «Sirdaryo daryosi o‘zanini tartibga solish va Orol dengizining shimoliy qismini saqlab qolish» loyihasi amalga oshirildi. U suvni qaytardi, suv bilan birga sohil bo‘yidagi ovullar ham yana jonlandi», – dedi viloyat maslihati deputati Jo‘rabek Nurimbetov.
Ko‘karal to‘g‘oni

Ushbu loyiha doirasida 2005-yilda qurilgan Ko‘karal to‘g‘oni Orolni tiklashning asosiy ramziga aylandi. Uzunligi 13 kilometr bo‘lgan beton inshoot suvning behuda oqib ketishini to‘xtatib, dengizning shimoliy qismi – Kichik Orolni suv bilan to‘ldirish imkonini berdi. Ilgari Orol shahri bilan dengiz o‘rtasidagi masofa 70 kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 17 kilometrgacha qisqargan.
«Bugungi kunda Kichik Orolda 23,5 milliard kub metrdan ortiq suv to‘plangan. Ko‘karal to‘g‘oni suv sathini Boltiq tizimi bo‘yicha qariyb 41 metrgacha ko‘tarish imkonini berdi. Hozirgi suv oqimi sekundiga 45 kub metrni tashkil qilmoqda, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki barobar yuqori. Yil boshidan buyon dengizga 830 million kub metr suv kelib tushdi. Bir yillik reja esa ikki milliard kub metrni tashkil etadi», – deya tushuntirdi «Orol–Sirdaryo basseyn suv inspeksiyasi» rahbari Zeynulla Qaztog‘anov.
Baliqchilik

Ilgari Orolning sho‘r suvida faqat kambala balig‘i yashardi. Hozir esa bu yerda 20 dan ortiq turdagi baliq uchraydi. Baliqchilik sohasi qayta tiklanib, qayta ishlash zavodlari ishga tushdi. Mahalliy hokimiyat vakillari ta’kidlashicha, mintaqa endi qutqarish bosqichidan barqaror rivojlanish bosqichiga o‘tgan. Hozirda Jahon banki ko‘magida Shimoliy Orolni saqlab qolish bo‘yicha yangi loyiha ham ishlab chiqilgan.
«Amaldagi sathni yana ikki metrga oshirib, Boltiq tizimi bo‘yicha 44 metrlik ko‘rsatkichga yetkazish orqali bir sathli dengiz yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu loyiha, birinchi navbatda, Orol dengizi suv yuzasini 3,1 ming kvadrat kilometrdan 3,9 ming kvadrat kilometrgacha kengaytirish imkonini beradi. Shuningdek, suv hajmi loyihaviy ko‘rsatkichgacha yetkazilib, yana 7 milliard kub metr suv qo‘shiladi. Bu kelajakda baliqchilik xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qiladi va sanoat miqyosidagi ov hajmi yiliga 15–16 ming tonna baliqqa yetishi mumkin», – dedi Qizilo‘rda viloyati hokimi o‘rinbosari Baxit Jaxanov.
Bugun Orol hali o‘zining avvalgi qirg‘oqlariga to‘liq qaytganicha yo‘q. Biroq u endi falokat ramzi emas. Endi u umid ramziga aylangan, deyiladi materialda.





