Logo

«Ural qalqoni» parchalanib ketdi: Ukraina urush dahshatlarini Rossiya ichkarisiga ko‘chirdi

Iqtisodiyot inqiroz yoqasida, aholi qishloqlarga qochmoqda, osmonni zaharli «neft yomg‘irlari» qoplagan. Prezident Putin esa tinchlik muzokaralariga shama qila boshladi.

«Ural qalqoni» parchalanib ketdi: Ukraina urush dahshatlarini Rossiya ichkarisiga ko‘chirdi

Asrlar davomida ruslar uchun «Ural tog‘lari orti» iborasi «tashqi bosqindan xoli, xavfsiz hudud» degan ma’noni anglatib kelgan. 1812 yilgi Napoleon yurishi yoki 1941 yildagi Germaniya hujumi davrida Yevropadan Sibirgacha bo‘lgan masofa tinch aholi va harbiy zavodlarni evakuatsiya qilish uchun yetarlicha uzoq va bexatar hisoblanardi.

Ammo endi unday emas. Aprel oyining oxirida Ukraina dronlari Ural mintaqasining markazi — Ukraina chegarasidan 1800 kilometrdan ortiq masofada joylashgan Yekaterinburg shahriga hujum qildi. Ukraina ushbu dronlar orqali havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun qismlar ishlab chiqaruvchi zavodni nishonga olishni ko‘zlagan edi. Ilk hujumdan buyon Yekaterinburg aeroporti kamida besh marta o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlari va yoqilg‘i omborlariga bir necha oy davom etgan zarbalari ortidan mahalliy aholi oziq-ovqat zaxiralarining kamayishi, iqtisodiy tanazzul va yoqilg‘ining o‘tkir tanqisligidan vahimaga tushmoqda.

«Narxlar oshmoqda, do‘konlar yopilmoqda, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar yuzaga kelgan. Olib-sotarlar qimmatroqqa pullamasligi uchun benzinni kanistrlarga quyib berishmayapti», — dedi Yekaterinburgda kichik biznes bilan shug‘ullanuvchi 45 yoshli Anatoliy «Al Jazira» bilan suhbatda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, odamlar qandaydir falokat yuz berishini kutmoqda va «hamma oziq-ovqat g‘amlab qo‘yishga harakat qilmoqda».

Putin: «Rossiya tinchlik muzokaralariga tayyor»

Rossiyaning yozgi hujumlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu hujumlar Donbass mintaqasining janubi-sharqidagi Kiyev nazoratida bo‘lgan qismini egallashga, shuningdek, Ukrainaning shimoliy va janubiy hududlaridan yanada ko‘proq yerlarni tortib olishga qaratilgan edi.

Shu bois, Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari ortidan to‘xtab qolgan tinchlik muzokaralarini qayta tiklash niyatida ekanini bildirdi.

«Rossiya Ukraina bilan 2022 yilda ishlab chiqilgan Istanbul kelishuvlari asosida tinchlik muzokaralarini olib borishga tayyor», — deya bayonot berdi Putin 23-iyun kuni.

Kiyev Rossiyaning aksariyat talablarini haqiqatdan yiroq deya rad etishi ehtimoli katta. Kuzatuvchilar esa Putin bu bilan shunchaki vaqtdan yutishni ko‘zlayapti, deb hisoblamoqda.

Bremen universiteti (Germaniya) tadqiqotchisi, asli moskvalik Nikolay Mitroxinning aytishicha, bu Putinning og‘ir vaziyatdan chiqish yo‘lini izlab, vaqtni cho‘zish istagidan boshqa narsa emas.

1

Shuningdek, u Kiyevning son jihatdan oz bo‘lsa-da, yirik Rossiya armiyasini Ukraina shimolidan siqib chiqarishga qaratilgan operatsiyasiga e’tibor qaratdi:

«2022 yil kuzidan buyon birinchi marta Ukrainada bu urushda g‘alaba qozonish imkoniyati paydo bo‘ldi», — deydi u.

Kreml tarafdori bo‘lgan siyosiy tahlilchilar Moskvaning talablarini qisqacha bayon qilmoqda.

Jumladan, Moskvadagi Siyosiy tadqiqotlar instituti rahbari Sergey Markov «Telegram» tarmog‘idagi sahifasida Ukraina «denatsifikatsiya» qilinishi kerakligini yozdi. Bunda u Moskvaning Ukrainani go‘yoki «neonatsist xunta» boshqarib kelayotgani haqidagi bahsli da’volarini yana bir bor takrorlagan.

Markovning fikricha, Ukraina demilitarizatsiya qilinishi (harbiy salohiyati cheklanishi), xususan, og‘ir qurollar va qo‘shinlar soniga cheklovlar o‘rnatilishi lozim. Shuningdek, rasmiy Kiyev G‘arb davlatlari va Rossiyadan xavfsizlik kafolatlarini olgan holda «betaraf» maqomni saqlab qolishi va hech qachon NATOga qo‘shilmasligi kerak.

Markov Kiyev «rus tiliga nisbatan qatag‘onlarni to‘xtatishi shartligini» ham ta’kidlagan. Bundan tashqari, u Ukrainaning yadro quroliga ega bo‘lish huquqidan ham mahrum etilishi lozimligini bildirgan.

Tahlilchining yozishicha, Kiyev mamlakatning og‘ir sanoat va boy qazilma boyliklari markazi bo‘lgan Donbassni tark etishi, Qrim esa «muayyan huquqiy shaklda» Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi lozim.

Moskvaning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning vakolat muddati tugagani haqidagi da’volariga hamohang tarzda, Markov har qanday tinchlik shartnomasi faqatgina Ukrainaning «legitim» rahbari tomonidan imzolanishi kerakligini ta’kidlagan.

2

Ma’lumki, Ukrainada harbiy holat sababli saylovlar o‘tkazilmagan.

Ukrainaning qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Rossiya garchi o‘n minglab askarlarini yo‘qotgan bo‘lsa-da, joriy yilda yurishlari deyarli to‘xtab qolguniga qadar frontda sekin-asta oldinga siljishda davom etdi.

«Rossiya armiyasi Donbassda juda sekinlik bilan bo‘lsa-da, oldinga siljimoqda. Biroq ta’minot yo‘llari tobora Ukraina dronlari nazoratiga o‘tib borayotgani sababli front ortida yuzaga kelgan inqirozni bu yutuqlar bilan oqlab bo‘lmaydi», — deydi Mitroxin.

«Agar bu inqiroz hozirgi sur’atda davom etsa, Rossiya armiyasi chekinishga majbur bo‘ladi», — qo‘shimcha qiladi u.

Boshqa bir kuzatuvchining fikricha esa, Putinning tinchlik muzokaralarini qayta boshlash qarori frontdagi turg‘unlik, katta yo‘qotishlar yoki iqtisodiy pasayish sababli xalq orasida uyg‘ongan noroziliklarning mahsuli emas.

«Bu o‘zgarishlar ancha oldin yuz bergan edi. Boshida urush tarafdorlari ham, unga qarshi bo‘lganlar ham g‘alaba tez orada qo‘lga kiritilishiga ishonishgandi. Biroq vaqt o‘tishi bilan aynan urush tarafdorlari Putin hech qanday mo‘’jiza ko‘rsata olmasligini, Rossiyada esa hamma narsa eski holatiga — tartibsizlik va korrupsiyaga qaytayotganini anglab yetishdi», — deydi hozirda quvg‘inda yashayotgan muxolifat faoli Sergey Biziykin «Al Jazeera» ga bergan intervyusida.

Biziykinning xulosa qilishicha, «shunga qaramay, Rossiyada sabr-toqat chegarasi juda yuqori. Odamlar urushga qarshi bo‘lishlari mumkin, biroq ular hammasiga sabr bilan chidashadi va bu urush uchun ishlashda davom etadi. Faollar esa mamlakatni allaqachon tark etib bo‘lgan».

Hujumlar tufayli rossiyaliklar qishloqlarga qochmoqda

«Al Jazira» nashriga ko‘ra, dron zarbalaridan xavotirga tushgan moskvaliklar poytaxtni tark etib, xavfsizroq hududlarga ko‘chib o‘tmoqda. Biroq nashr suhbatlashgan rossiyaliklarning ta’kidlashicha, ular hatto qishloq joylarida ham o‘zlarini to‘liq xavfsiz his qilishayotgani yo‘q.

Nashr muxbiri bilan suhbatlashgan asli moskvalik kopirayter Arseniy (siyosiy qarashlari sabab familiyasini oshkor qilmagan) poytaxtdan 280 kilometr uzoqlikdagi Yaroslavl viloyatidagi dala hovlisiga ko‘chib o‘tganini ma’lum qilgan.

3

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra: qishloqda poytaxtga qaraganda ancha bexatar va havo tozaroq. Uning eslashicha, iyun oyi o‘rtalarida Moskvadagi yirik neftni qayta ishlash zavodiga qilingan hujumlardan so‘ng shaharda zaharli «neft yomg‘irlari» yoqqan. Ammo u ko‘chib o‘tgan hududda ham Ukraina dronlarining ovozi va havo mudofaasi tizimlarining portlashlari eshitilib turadi.

«Kuni kecha bizdan 10 kilometr uzoqlikda ularni urib tushirishdi. Uyimiz uch marta silkinib ketdi», — dedi Arseniy nashrga bergan intervyusida.

 

Teglar

Mavzuga oid