add

Urush boshlanganiga 4 yil to‘lishi arafasida Si va Putin aloqalarni mustahkamlashga chaqirdi

Ukrainadagi urushning to‘rt yilligi yaqinlashar ekan, Xitoy raisi Si Jinping va Rossiya prezidenti Vladimir Putin videoqo‘ng‘iroq orqali muloqot qildi. Tomonlar Xitoy–Rossiya munosabatlarini global beqarorlik sharoitida barqarorlashtiruvchi omil sifatida ta’kidladi.

Urush boshlanganiga 4 yil to‘lishi arafasida Si va Putin aloqalarni mustahkamlashga chaqirdi

Xitoy raisi Si Jinping va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4-fevral kuni videoqo‘ng‘iroq orqali muloqot qildi. Suhbat Moskva boshlagan Ukrainadagi urushning to‘rt yilligi arafasida o‘tdi.

Rossiya davlat telekanali efirga uzatgan lavhalarda Putin Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar global beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda muhim barqarorlashtiruvchi omil ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u ikki davlat o‘rtasidagi yaqin energetik hamkorlikni o‘zaro manfaatli va strategik deb baholadi.

Putin va Si1

Si Jinping tarjimon orqali so‘zlar ekan, ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun «keng qamrovli reja» ishlab chiqishga chaqirdi va aloqalar to‘g‘ri yo‘nalishda taraqqiy etayotganini aytdi.

«Ikki tomon ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanib, yuqori darajadagi yaqin muloqotlarni saqlab qolishi va turli sohalarda amaliy hamkorlikni mustahkamlashi kerak», – dedi Xitoy raisi.

Xitoy va Rossiya 2022 yil fevral oyida Putin Ukrainaga o‘n minglab qo‘shin yuborishidan bir necha kun oldin «cheksiz» strategik hamkorlikni e’lon qilgan edi. Shundan beri G‘arb davlatlari Moskvaga qattiq sanksiyalar joriy etar ekan, Xitoy savdo hajmini oshirish orqali Rossiya uchun muhim iqtisodiy tayanchga aylandi.

Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Putin va Si 1 soatu 25 daqiqa davomida muloqot qilgan va Putin joriy yilning birinchi yarmida Xitoyga tashrif buyurish taklifini qabul qilgan.

Yaqin diplomatik moslashuv

Ushakovning ta’kidlashicha, ikki rahbar savdoni, jumladan energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olgan. Shuningdek, Rossiya va Xitoyning ko‘plab xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalari yaqin yoki o‘xshash ekani qayd etilgan.

Si va Putin so‘nggi bor sentabr oyida Pekinda o‘tgan yirik harbiy parad paytida uchrashgan edi. Ushbu tadbirda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ham ishtirok etgan. O‘sha uchrashuvda Si Xitoy–Rossiya munosabatlari «xalqaro beqarorlikka dosh bergani»ni aytgan va Moskva bilan asosiy manfaatlariga daxldor masalalarda hamkorlikni muvofiqlashtirishga va’da bergan.

Ukraina va Yevropa Ittifoqi Pekinni Rossiyaning urush harakatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatganlikda ayblab kelmoqda. Xitoy esa bu ayblovlarni rad etib, mojaroning tomoni emasligini bildirmoqda.

4-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoqo‘ng‘iroq Rossiya va AQSH o‘rtasidagi yadroviy qurollarni qisqartirish bo‘yicha shartnoma shu hafta o‘z kuchini yo‘qotishi kutilyotgan bir paytda o‘tkazildi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 3-fevral kuni Xitoy va Rossiyaning yuqori martabali diplomatlari Pekinda global xavfsizlik, ko‘p tomonlama qurol nazorati va boshqa masalalarni muhokama qilgani hamda «keng kelishuv»ga erishganini ma’lum qildi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu ham o‘tgan dam olish kunlari Pekinda bo‘lib, Xitoyning bosh diplomati Van I bilan uchrashdi. Shoygu Moskva Tayvan masalasida Pekinni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini aytdi. Van I esa o‘z navbatida Rossiya bilan strategik muvofiqlashuvni chuqurlashtirish va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga va’da berdi.

Teglar

Mavzuga oid