«Urush muqarrar». AQSH va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ochiq to‘qnashuvga yaqinlashmoqda

Bugun 21:303 daqiqa

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi keskinlik endi shunchaki siyosiy bayonotlar bilan cheklanmayapti. Eron iqtisodiy nazorat o‘rnatishga urinayotgan bir paytda, AQSH mintaqada keng ko‘lamli harbiy tayyorgarlikni boshladi.

«Urush muqarrar». AQSH va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ochiq to‘qnashuvga yaqinlashmoqda

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi geosiyosiy vaziyat tub o‘zgarishlar pallasiga kirdi. Tehron rasmiylarining keskin bayonotlari va AQSH Harbiy-havo kuchlarining keng ko‘lamli mashg‘ulotlari bir nuqtada kesishib, mintaqa «erkin kema qatnovi» hududi maqomini yo‘qotayotganidan dalolat bermoqda. Bugun Ko‘rfaz shiddatli iqtisodiy va harbiy qarama-qarshilik maydoniga aylandi.

Eron endi bo‘g‘ozni shunchaki to‘sib qo‘yish tahdididan voz kechib, uni «tijoriylashtirish» strategiyasiga o‘tmoqda. Eron parlamentining Milliy xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Alouddin Burujerdiy Tehronning yangi pozitsiyasini ochiqlashicha, bundan buyon vaziyatning urushdan oldingi holatiga qaytishi mutlaqo imkonsiz.

Tehron muammoning har qanday murosali yechimini qat’iyan rad etmoqda. U suv yo‘li xavfsizligini ta’minlash xarajatlarini ro‘kach qilib, bo‘g‘oz orqali o‘tadigan kemalardan boj undirish niyatida qat’iy turibdi.

Xo‘sh, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) to‘lovlarni faqat milliy valuta — rialda (xususan, raqamli rialda) qabul qilish talabini nima bilan asoslamoqda? Buning uchta asosiy sababi bor:

Birinchidan, Eron shu yo‘l bilan milliy valutaga bo‘lgan talabni sun’iy ravishda oshirishni ko‘zlamoqda.

Ikkinchidan, ushbu moliyaviy tizim xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tish imkonini beradi.

Uchinchidan esa, xorijiy yuk tashuvchilar uchun joriy etiladigan majburiy konvertatsiya iqtisodiy inqiroz va urush tufayli zarar ko‘rgan Eron bank tizimini qayta tiklashga xizmat qiladi.

Mazkur loyiha hozirda parlament, Eron Qurolli Kuchlari va Milliy xavfsizlik oliy kengashi o‘rtasida yakuniy muvofiqlashtirish bosqichida turibdi. IIQK tomonidan taklif etilgan ushbu «yo‘l xaritasi»ning tasdiqlanishi amalda dunyoning eng muhim neft arteriyasi ustidan Eronning to‘liq iqtisodiy nazorati o‘rnatilishini anglatadi.

Vashingtonning harbiy tayyorgarligi

Eronning ushbu qonunchilik tashabbuslari fonida Vashington kuch ishlatish ssenariysiga shay ekanini ochiq namoyish etmoqda. «Flightradar24» platformasi va razvedka manbalari mintaqada misli ko‘rilmagan harbiy faollikni qayd etmoqda: AQSH o‘z aviatsiya kuchlarini jadal sur’atlarda ko‘chirmoqda. Xususan, AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) mas’uliyat hududiga harbiy-transport va havoda yonilg‘i quyish samolyotlari ommaviy ravishda yetib kelayotgani kuzatilyapti.

Bundan tashqari, amerikaliklar tizimli «tankerlar urushi»ga tayyorgarlikni yakunlamoqda. AQSH xalqaro suvlarda Eron tankerlariga qarshi amaliyotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu esa Tramp tomonidan berilgan qisqa muddatli tanaffusdan unumli foydalanib olgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining xuddi shunday keskin javob choralarini ko‘rishiga sabab bo‘lishi mumkin. Muzokaralar jarayoni muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin Eron hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalar qayta boshlanish ehtimoli soat sayin ortib bormoqda.

«Mukammal bo‘ron»

Shu tariqa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi keskinlik jahon iqtisodiyoti va mintaqaviy xavfsizlik uchun «mukammal bo‘ron» effektini yuzaga keltirmoqda.

Bugun ushbu bo‘g‘oz Eron o‘z geografik ustunligini siyosiy va iqtisodiy dastakka aylantirishga urinayotgan, AQSH esa harbiy qudratini namoyish etish orqali mintaqadagi nazoratni saqlab qolishga intilayotgan strategik to‘qnashuv nuqtasiga aylanmoqda.

Eron rahbariyatining vaziyat «hech qachon avvalgidek bo‘lmasligi» haqidagi bayonotlari shuni ko‘rsatadiki, endilikda mintaqaviy xavfsizlikning aniq moliyaviy bahosi bor. Bu bahoni esa xalqaro hamjamiyat yo katta mablag‘, yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv xavfi bilan to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Teglar

Mavzuga oid