add

Uy savdosida yangilik, avariya qilib qamalgan sudya va Termizga snaryad otgan o‘zbekistonlik — 30 iyun dayjesti

30.06.2025 | 22:0039208

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Uy savdosida yangilik, avariya qilib qamalgan sudya va Termizga snaryad otgan o‘zbekistonlik — 30 iyun dayjesti
Denov tumani sobiq sudyasi 5 yilga qamaldi Denov tumani sudining sobiq raisi K.M. mast holda sodir etgan halokatli yo‘l transport hodisasi uchun 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Sud jarayoni Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, u Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sud hukmiga ko‘ra, unga 3 yilga transport boshqarish huquqidan mahrum etish va manzil-koloniyada jazo o‘tash belgilandi. Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, ayblanuvchi K.M. 1982 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, o‘sha paytda Denov tuman sudi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. U mast holda avtomashina boshqarib, halokatli avariya sodir etgan va natijada u bilan birga bo‘lgan advokat halok bo‘lgan. Sud hukmi ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish imkoniyati mavjud.   Termizga snaryad otgan shaxs 16 yilga qamaldi 2022 yilda Afg‘oniston hududidan Termiz shahriga beshta reaktiv snaryad otilishida ishtirok etgan Obid Saparov Pokistonda qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarildi va sud tomonidan 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U snaryadlar portlamagan bo‘lsa-da, to‘rtta xonadon va bir sport maydoniga shikast yetkazgan hujumda faol qatnashgani aniqlangan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Saparov avval «Jihodchilar» jamoasiga qo‘shilib, keyinchalik Pokiston va Afg‘onistonda terrorchi tashkilotlar safida faoliyat yuritgan, jangovar harakatlarda ishtirok etgan. U qurol va portlovchi moddalar tayyorlashni o‘rgangan, shu bois uning harakatlari og‘ir jinoyat sifatida baholanib, terrorizm, qo‘poruvchilik va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz kabi moddalar bilan ayblangan.   Toshkent metrosida noodatiy vagon paydo bo‘ldi Yoshlar ishlari agentligi hamda Toshkent metropoliteni o‘zaro hamkorlikda metro poyezdida noodatiy ko‘rinish aks ettiruvchi loyihani yo‘lga qo‘ydi. Unga ko‘ra, ayni vaqtda 1 ta metropoyezdida yoshlarning vaqtini unumli o‘tkazishni targ‘ib etuvchi (Ibrat farzandlari, Mutolaa, Ustoz AI, Uzchess, Qizlar akademiyasi, Yashil makon, Yonda, Bek va Lola, Al-Xorazmiy va boshqalar) kabi loyihalarni targ‘ib etuvchi kreativ dizaynga keltirildi. Ushbu poyezd metropolitenning Chilonzor yo‘nalishida 30 iyun sanasidan harakatlanmoqda.   O‘zbekistonda uy sotib olishda naqdsiz to‘lov tartibi joriy etiladi O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdolarini to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, bu tartib orqali xufiyona iqtisodiyotga qarshi samarali kurash ta’minlanadi. Yangi talablarga ko‘ra, uy sotish va sotib olish faqat bank orqali rasmiylashtiriladi, bu esa savdolarda qonuniylikni oshirishga xizmat qiladi. Prezident qarori bilan tasdiqlanishi kutilgan mazkur tashabbus haqida Senat yig‘ilishida ma’lum qilindi. Soliq qo‘mitasi vakillari dunyo tajribasiga ishora qilib, yirik moliyaviy operatsiyalarni naqdsiz shaklga o‘tkazish global tendensiya ekanini ta’kidladi. 2024 yilda uy narxlari bozor qiymatidan o‘rtacha 17 foizga yuqori bo‘lgani va ipoteka shartlaridagi cheklovlar tufayli savdolar 2,2 foizga kamaygani qayd etildi. Yangicha tartib nafaqat moliyaviy shaffoflik, balki bozorni barqarorlashtirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.   843 kishini arzon kredit va’dasi bilan aldagan «uddaburonlar» qo‘lga tushdi O‘zini «avtolizing kompaniyasi» sifatida ko‘rsatgan firmalar guruhi arzon kredit va’dasi bilan 843 nafar fuqaroni aldab, jami 50,1 milliard so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama tarqatib, aholini 6−12 foizli to‘lov sharoitida avtomobil olib berishga ishontirgan va mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritgan. Tergov doirasida guruhga tegishli 339 ta mashinaga xatlov qo‘yildi, 9 nafar shaxsga ayblov e’lon qilindi va ular qamoqqa olindi. IIV vitse-vaziri rahbarligida maxsus shtab tuzilib, har kuni jabrlanuvchilar murojaatlari qabul qilinmoqda. Vazirlik suratdagi shaxslar yoki aldab ketgan kompaniyalar faoliyati haqida ma’lumoti bor shaxslarni 102 raqami yoki shtabga murojaat qilishga chaqirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid