add

UzAuto Motors dividend to‘lamoqchi — fond bozori yangiliklari

UzAuto Motors kuzatuv kengashi har bir aksiya uchun 4 642 so‘m dividend to‘lashni tavsiya qildi. Kompaniya aksiyalari (UZMT) birja indekslari tarkibiga kiradi va yuqori likvidlikka ega.

UzAuto Motors dividend to‘lamoqchi — fond bozori yangiliklari

Aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishi 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi va yakuniy qaror aynan o‘sha kuni qabul qilinadi. Dividend bo‘yicha asosiy faktlar quyidagicha:

  • Dividend miqdori: 4 642 so‘m har bir oddiy aksiya uchun

  • Daromadlilik: 8,9 foiz (joriy bozor narxiga nisbatan)

  • Oxirgi sotib olish sanasi: 14 noyabr (T+2 hisobga olingan holda)

  • Ex-dividend sanasi: 17 noyabr (taxminiy)

  • Reyestr sanasi: 18 noyabr

  • Aksiyadorlar yig‘ilishi: 24 noyabr, soat 15:00 (onlayn, evote.uz orqali)

UzAuto Motorsning 8,9  dividend daromadliligi 9 oylik davr uchun bir martalik to‘lov hisoblanadi. Bu yillik stavka emas. Taqqoslash uchun, bank depozitlari 19,8 foiz o‘rtacha yillik stavka (jismoniy shaxslar uchun 21,4 foiz) taklif qiladi.

Dividendlar bo‘yicha soliq 5 foiz, depozit daromadidagi 12 foizdan past. Real daromad esa depozitda inflyatsiyani (8 foiz) hisobga olgan holda 13,4 foiz. Demak, UzAuto Motors dividendi banklardan pastroq, lekin soliq afzalligi va aksiya narxining o‘sish potensiali buni qoplashi mumkin.

UzAuto Motors O‘zbekiston fond bozoridagi eng yirik emitentlardan biri. Kompaniya aksiyalari (UZMT) birja indekslari tarkibiga kiradi va yuqori likvidlikka ega.

 

UzAuto Motors dividend siyosatini yaxshilamoqda

Bu yangi korporativ strategiyaning belgisi bo‘lishi mumkin. Agar dividend to‘lanishi tasdiqlansa, bu ikki jihatdan ta’sir qiladi. Qisqa muddatda, 14 noyabrgacha aksiyalarga talab oshishi mumkin, investorlar dividendga «ulgurib qolish» uchun sotib olishadi. Lekin 17-noyabrdan keyin (Ex-dividend sanasidan so‘ng) narx tuzatish o‘tkazadi, chunki yangi xaridorlar dividend olishmaydi.

Uzoq muddatda, agar kompaniya muntazam dividend to‘lasa, bu investorlar ishonchini mustahkamlaydi. Ammo bir martalik to‘lov bo‘lsa, bozor bunga ehtiyotkorlik bilan qarashi mumkin.

Yana bir farqli jihat: UzAuto Motors yillik emas, 9 oylik natijalar asosida dividend to‘lamoqda. Bu noodatiy holat, chunki ko‘pchilik kompaniyalar yil yakunida to‘laydi.

Bunga ehtimol bir necha sabab bo‘lishi mumkin. Kompaniya moliyaviy holatini yaxshilashni istaydi. Agar naqd pul oqimi yuqori bo‘lsa va kapital xarajatlar rejalashtirilmagan bo‘lsa, foyda aksiyadorlarga qaytariladi. Dividend e’lon qilish, «biz barqarormiz va pul oqimimiz kuchli», degan signal. Bu investor ishonchini oshiradi. UZMT so‘nggi oylar davomida 52-53 ming so‘m atrofida savdo qilmoqda. Dividend narx barqarorligini saqlab qolishga yordam beradi.

 

UzAuto aksiyadori bo‘lmoqchi bo‘lsangiz…

Agar siz dividend olishni istasangiz, 14 noyabrgacha aksiya sotib olishingiz kerak (T+2 hisob-kitob tizimi). 18 noyabr holatiga tuzilgan reustrda bo‘lishingiz zarur. Ammo esda tutingki, dividend bo‘yicha 5 foiz soliq to‘lanadi.

Ex-dividend sanasidan keyin (17 noyabr atrofida) sotib olish mantiqiyroq. Odatda, aksiya narxi dividend miqdoriga teng yoki yaqin darajada tuzatish o‘tkazadi. Agar aksiya 52 300 so‘mdan savdo qilinsa, 17-18 noyabrda taxminan 47 658 so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda (52 300 – 4 642). Bu esa kamroq narxda kirish imkoniyati beradi.

Agar siz uzoq muddatli investor bo‘lsangiz, dividend yaxshi, lekin asosiy savol: kompaniya kelajakda qanday o‘sadi?

UzAuto Motors avtomobil bozoridagi lider, lekin raqobat paydo bo‘lmoqda. Yangi zavod quvvatlari, eksport hajmi va texnologik yangilanish, bular aksiya narxining kelajakdagi harakati uchun muhimroq omillardir.

Dividend tasdiqlanmasligi ham mumkin. Chunki kuzatuv kengashi hozircha shu narxni tavsiya qildi, lekin yakuniy qaror aksiyadorlar yig‘ilishida qabul qilinadi (24 noyabr). Agar ovoz berish natijasida rad etilsa, bozor salbiy reaksiya ko‘rsatishi mumkin. Narx tuzatishi kutilganidan chuqurroq bo‘lishi mumkin.

Ex-dividend sanasidan keyin aksiya narxi tabiiy ravishda dividend miqdoriga teng darajada pasayadi (taxminan 47 658 so‘mgacha). Ammo agar bozor kayfiyati sust bo‘lsa, pasayish yanada kuchli bo‘lishi mumkin. Bunda likvidlik muammosini ham hisobga olish zarur.

 

O‘zbekiston fond bozorida umumiy savdo hajmi past

Agar siz dividend olgandan keyin tez sotmoqchi bo‘lsangiz, xaridor topish qiyin bo‘lishi mumkin. Bu ayniqsa qisqa muddatli investorlar uchun muhim risk.

UzAuto Motors dividendi O‘zbekiston bozori uchun ijobiy signal. Bu kompaniya barqaror naqd pul oqimiga ega ekanligini va aksiyadorlarga qiymat qaytarayotganini ko‘rsatadi. Ammo bu bir martalik to‘lov yoki doimiy siyosatmi, bunisi ham hali noma’lum.

Agar kompaniya kelgusida ham muntazam dividend to‘lasa, UZMT uzoq muddatli investorlar uchun jozibador bo‘ladi. Aks holda, bu faqat qisqa muddatli jonlanish bo‘lib qoladi. Asosiy tavsiya sifatida aytish mumkinki, dividend olish uchun shoshilmang. 14 noyabrgacha sotib olish imkoniyati bor, ammo 17-noyabrdan keyin narx taxminan 47 658 so‘mgacha tuzatish o‘tkazishi kutilmoqda. Agar siz uzoq muddatli o‘sishni kutayotgan bo‘lsangiz, tuzatishni kuting va keyin kirish yanada foydali bo‘ladi.

Esda tuting! Bu tahlil moliyaviy maslahat emas. Har qanday investitsiya qarorini qabul qilishdan oldin o‘z tahlil va risklaringizni bir qur baholashdan o‘tkazing.

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

UzAuto Motors dividend to‘lamoqchi — fond bozori yangiliklari | Vaqt.uz