add

Uzum 70 mln dollar investitsiya jalb qilib, 1,5 mlrd dollarlik kompaniyaga aylandi

05.08.2025 | 16:308553

Uzum Xitoyning Tencent kompaniyasi va xalqaro fondlardan 70 mln dollar investitsiya jalb qildi. Bu kompaniya bahosini 1,5 mlrd dollarga yetkazib, mamlakatning eng yirik texnologik loyihasiga aylantirdi.

Uzum 70 mln dollar investitsiya jalb qilib, 1,5 mlrd dollarlik kompaniyaga aylandi
TechCrunch ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi yetakchi raqamli ekotizim Uzum Xitoyning yirik IT giganti Tencent hamda xalqaro investitsiya fondi VR Capitaldan qariyb 70 mln dollar investitsiya jalb qildi. Mazkur kelishuvda 2024 yil mart oyidagi birinchi raundning yetakchi investori bo‘lgan FinSight Ventures ham ishtirok etdi. Ushbu sarmoya natijasida Uzumning bozordagi bahosi taxminan 1,5 mlrd dollarga yetdi. Bu Xitoyning Tencent kompaniyasi tomonidan O‘zbekistondagi ilk texnologik investitsiya bo‘lib, mamlakat raqamli iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchning yorqin ifodasidir. Uzum xizmatlaridan har oyda qariyb 17 mln foydalanuvchi benefit olyapti. Uzum Bank kartalaridan foydalanuvchilar soni 2 mln nafardan oshib ketgan. Kompaniya 3 yildan kam vaqt ichida mamlakatning yirik soliq to‘lovchilaridan biriga aylandi, butun O‘zbekiston bo‘ylab 12 mingdan ortiq ish o‘rni yaratdi va 40 mingdan ziyod tadbirkorni biznesini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatladi. Jalb qilingan mablag‘lar Uzumning o‘z fintex infratuzilmasini rivojlantirishga, mahsulotlar turini kengaytirishga, raqamli savdo yechimlarini takomillashtirishga hamda onlayn savdo va fintex bozoridagi yetakchilik pozitsiyasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi. Ma’lumot uchun,Tencent — Shenchjen shahrida joylashgan, dunyodagi eng yirik texnologiya va investitsiya konglomeratlaridan biri bo‘lib, 800 dan ortiq kompaniyada ulushga ega. VR Capital esa Nyu-York va Londonda joylashgan, 8 mlrd dollardan ortiq aktivlarga ega xalqaro investitsiya fondidir. FinSight Ventures esa fintex va elektron tijorat sohalarida yirik tajribaga ega venchur fondi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid