
Vladimir Putin: «Qrimni anneksiya qilmadik va Ukrainaga urush ham ochmadik»
Vladimir Putin Hindistonga safari oldidan «India Today» nashriga intervyu berar ekan, Rossiya Qrimni anneksiya qilmagani va Ukrainadagi urushni ham boshlamaganini ta’kidlab, barchasida g‘arbni aybladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «India Today» nashriga bergan intervyusida Moskva Qrimni anneksiya qilmagani, balki «o‘z taqdirini Kiyevdagi davlat to‘ntarishi orqali kelgan hokimiyat bilan bog‘lamoqchi bo‘lmagan aholiga yordam bergani»ni bildirdi. Uning ta’kidlashicha, 2014 yilda «qrimliklar hayoti va xavfsizligiga tahdid paydo bo‘lgan» va Rossiya «ularni himoya qilish uchun» harakat qilgan.
Putinning fikricha, Qrimdagi voqealar xalqaro huquq buzilishi emas, balki «Rossiya o‘zinikilarni himoya qilgan holat». «Kimdir Rossiya boshqacha yo‘l tutadi deb o‘ylasa — qattiq adashayotgan bo‘ladi. Biz har doim o‘z manfaatlarimizni va odamlarimizning jonini himoya qilamiz», — dedi u.
2022 yilda boshlangan urush haqida gapirar ekan, Putin Rossiya jangovar harakatlarni boshlamaganini aytib, G‘arbni aybladi. «Bu urushning boshlanishi emas, bo‘layotgan urushni tugatishga urinish. Urushni G‘arb ukrain millatchilari qo‘li bilan bizga qarshi boshlagan», — dedi u.
Donbassda yashab kelgan va Rossiyani sevgan aholi nega urush boshlanganidan shokka tushib qolgani haqidagi savolga ham Putin «bunga Kiyev rejimi aybdor», deb javob berdi.
«Ular Ukrainaning, ya’ni Donetsk va Lugansk oblastlarining kiyevliklar hukmronligi ostidagi qismida yashashgan bo‘lsa kerak va vaziyatdan bexabar bo‘lishgan. Lekin Lugansk va Donsek oblastlarining ularning nazorati ostida bo‘lmagan qismi «Kiyev rejimi» tomonidan qirib tashlanayotgandi», — degan Putin.
Putin yana bir bor Minsk kelishuvlariga to‘xtalib, G‘arb rahbarlari «ularni bajarish niyati bo‘lmaganini ochiq tan olgani»ni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvlar Ukrainani qurollantirish uchun vaqt yutish maqsadida imzolangan. Moskva esa «sakkiz yil davomida vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga harakat qilgan».
Intervyu Putinning Nyu Dehliga safari arafasida e’lon qilindi va Hindistondagi muzokaralar oldidan Rossiyaning geosiyosiy pozitsiyasiga doir jiddiy bayonot sifatida baholanmoqda.

Bu orada Vladimir Putin rasmiy tashrif bilan Hindistonga bordi. Nyu Dehli aeroportida uni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi shaxsan o‘zi kutib oldi.





