Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda
Prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda so‘nggi yillarda viloyatda biznes uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
© Prezident matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda so‘nggi yillarda viloyatda biznes uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, qisqa davrda Xorazmga 4 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinib, 10 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Viloyatda «Hazorasp» maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etildi.
Tuproqqal’a va Yangiariqda umumiy quvvati 275 megavatt bo‘lgan elektr stansiyalari barpo etildi. Ular sanoat korxonalarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugun Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda. Eksportda uning ulushi 81 foizga yetib, viloyat bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada birinchi o‘ringa chiqdi.
Transport imkoniyatlari kengaydi
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Xorazmning transport infratuzilmasida ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Haftalik aviareyslar soni 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovlari esa 8 tadan 41 taga ko‘paydi.
Shuningdek, «Toshkent – Xiva» tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda 35 kilometrlik yangi «Urganch – Xiva» avtomobil yo‘li ham ishga tushirilmoqda.
Bu loyihalar nafaqat aholi uchun transport imkoniyatlarini kengaytirmoqda, balki turizm va tadbirkorlik rivoji uchun ham yangi sharoit yaratmoqda.
Prezident Xorazmning iqtisodiy o‘sishida turizm sohasi alohida o‘rin tutayotganini ham qayd etdi.
Viloyatda 25 gektar maydonda «Arda Xiva» turistik majmuasi barpo etildi. Tadbirkorlar tomonidan umumiy sig‘imi 7 ming o‘rin bo‘lgan 331 ta mehmonxona va mehmon uyi tashkil qilindi.
Joriy yilda Xorazmga 3 million nafar xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda. Xiva shahrida mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olgan «Sahro yulduzi» turistik kompleksi ham bunyod etiladi.
Prezident amalga oshirilayotgan loyihalar, investitsiyalar va infratuzilmadagi o‘zgarishlar viloyat iqtisodiyoti uchun yangi o‘sish nuqtalarini yaratayotganini ta’kidladi.
«Bir so‘z bilan aytganda, bugun Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda», — dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda 7,4 mlrd dollarlik loyihalarga start berilganligi haqida xabar bergan edik.





