add

«Yamlamay yutishi kerak». Ayollarni paxta terimiga majburlagan «zamhokim» jazolandi

Sariosiyo hokimi o‘rinbosari mahalla faollariga: «Ertaroq kelib normangni qilsanglar ertaroq ketamiz hammamiz. Nima hali ham hech kim yo‘q?! Ayolmisan-yo‘qmi, noinsof? Vijdonsiz! Kelsang kel, mana bu yoqqa tez-tez, ishlaging kelmasa, yo‘qol, ket», - degan.

«Yamlamay yutishi kerak». Ayollarni paxta terimiga majburlagan «zamhokim» jazolandi
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Toshmatovaga tegishli videomurojaat tarqatildi. Unda mahalla xotin-qizlar faollarini paxta terimiga majburlash holati aks etgan. Holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi munosabat bildiridi. Dilfuza Toshmatova har bir faol 5 nafardan odam olib chiqishi zarurligini, 150 nafar odam dalani «yamlamay yutishi kerakligini» aytgan. Shuningdek, u bu ishga qarshilik qilganlar «donolik qilmasdan» ketaverishi mumkinligini, olib o‘tirilmasligini bildirgan. «Nima hurmatingni qilsa o‘zingdan ketasanlar? Qani munosabat bildirganing? Kelayotganlar, hammang tez-tez bo‘l, xabaringni ber. Men hozir ro‘yxat qilishim kerak. Tushlikkacha necha kishi, qancha kilo teramiz, hozir hisob-kitob olinyapti. Hokimning o‘zi ham kelyapti hozir maxsus. Xotin-qizlar dalasi o‘sha. Alijonga boryapmiz. O‘sha fermerdan teramiz. Hozir ertangini ham tashkillashtiryapti. Yo‘qlama menda bo‘ladi. Bahona, o‘yin qilmanglar. Norma beshtadan odam. Ertaga 150 nafar odam dalani yamlamay yutishi kerak. Mana bu fermer qochishi kerak bizdan. Kerakmas, boshqa kelmasin, deb yig‘lashi kerak. Bu narsaga erishish uchun odam ko‘paytirish kerak», - degan gaplari aks etgan hokim o‘rinbosarining Kun.uz'ga kelib tushgan video va audiomateriallarida. Shuningdek, Dilfuza Toshmatova paxta dalasida turib, faollarni vijdonsiz deb atagan. «Ertaroq kelib normangni qilsanglar ertaroq ketamiz hammamiz. Nima hali ham hech kim yo‘q?! Ayolmisan-yo‘qmi, noinsof? Vijdonsiz! Kelsang kel, mana bu yoqqa tez-tez, ishlaging kelmasa, yo‘qol, ket», - degan u. Qayd etilishicha, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan. Jumladan, Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosarining mahalla faollariga paxta terimiga 5-10 nafardan fuqarolarni majburiy jalb qilish haqida topshiriq bergani tasdig‘ini topgan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (20 mln 600 ming so‘m) jarima qo‘llanilgan. «Unutmang! Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan. Shuningdek, ushbu harakat ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 1-qismiga asosan 50 baravardan 100 baravarigacha jarima qo‘llanishiga sabab bo‘lishi mumkin», deyiladi vazirlik munosabatida. Shuningdek, vazirlik fuqarolar majburiy mehnatga doir murojaatlarini 1176 yoki (71)-200-06-00 ishonch raqamlari orqali qoldirishlari mumkinligini eslatmoqda. Murojaat yo‘llagan fuqarolarning shaxsiy sir saqlanishi kafolatlanadi. Surxondaryo viloyati hokimligiga ko‘ra, mazkur holat viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tomonidan shaxsan nazoratga olingan. «Shu o‘rinda ta’kidlaymizki, paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlanishidan oldin hududlarda xatlov o‘tkazilib, faqatgina ko‘ngilli terimchilar ro‘yxatlari shakllantirilgan. Mahallalardagi faol va tashabbuskor ayollar esa otryad rahbari sifatida belgilangan. Surxondaryo viloyati hokimligi majburiy mehnatning har qanday shaklini qat’iyan qoralaydi. Hech bir mas’ul shaxsga xodimlarni majburiy ravishda paxta terimiga jalb etish bo‘yicha topshiriq berilmagan. Agar o‘rganish natijasida bunday holat tasdiqlansa, qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi», - deyiladi hokimlik munosabatida.

Teglar

Mavzuga oid