Yaqin Sharqda harbiy tayyorgarlik kuchaydi: AQSH raketalarini mobil holatga o‘tkazdi
Sun’iy yo‘ldosh suratlari Qatardagi al-Udeyd bazasida «Patriot» raketalari yuk mashinalariga o‘rnatilganini ko‘rsatdi. Yaqin Sharqdagi boshqa bazalarda ham harbiy faollik oshgan. Mutaxassislar bu qarorni Eron bilan ehtimoliy to‘qnashuv xavfi ortishi bilan bog‘lamoqda.

Yaqin Sharqdagi eng yirik AQSH harbiy bazasi hisoblangan Qatarning al-Udeyd bazasida joylashgan AQSH kuchlari yanvar oyidan beri Eron bilan taranglik kuchaygani sababli raketalarni yuk mashinalariga o‘rnatilgan uchirish qurilmalariga joylashtirgan. Bu esa ularni tezroq ko‘chirish imkonini beradi. Bu haqda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga tayanib, «Reuters» xabar berdi.
«Patriot» raketalarini yarim statik uchirish maydonchalarida emas, balki mobil yuk mashinalarida saqlash qarori, ya’ni ularni zarba berish uchun tezda joylashtirish yoki Eron hujumi holatida himoyaviy tarzda tezda ko‘chirish mumkinligi, xavf-xatarlar oshganini ko‘rsatadi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy va ballistik raketa dasturlari, Yaqin Sharqdagi ittifoqchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi hamda ichki muxolifatni bostirishi sababli uni bombardimon qilish bilan tahdid qilgan, biroq urushning oldini olish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Shuningdek, AQSHning Iroq, Iordaniya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Turkiya va Hind okeanidagi Diyego-Garsiya orolida ham bazalari mavjud.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eron hududiga zarba berilgan taqdirda, mintaqadagi istalgan AQSH bazasiga javob zarbasi berishlari mumkinligini ogohlantirgan.
«Contested Ground» tahlil markazining sud-ekspertiza tasvirlari tahlilchisi Uilyam Gudhindning aytishicha, fevral boshida olingan sun’iy yo‘ldosh suratlari yanvar oyidagi tasvirlar bilan solishtirilganda, mintaqada samolyotlar va boshqa harbiy texnikalar soni oshgani ko‘rinadi. Gudhindning ta’kidlashicha, fevral oyi boshida al-Udeyd bazasida «Patriot» raketalari «M983 Heavy Expanded Mobility Tactical Trucks» (HEMTT) turidagi og‘ir taktik yuk mashinalariga o‘rnatilgan holda to‘xtab turgani ko‘ringan.

(2026 PLANET LABS PBC/Handout, REUTERS)
«Bu qaror Patriot tizimlariga ancha yuqori harakatchanlik beradi, ya’ni ularni boshqa joyga ko‘chirish yoki tezda qayta joylashtirish mumkin», – dedi u.
Eron o‘tgan yozda Isroil uning yadroviy obyektlari va boshqa ayrim harbiy nishonlarini bombardimon qilgan ikki haftalik mojarodan so‘ng (keyinchalik AQSH ham qo‘shilgan) o‘z raketa zaxiralarini qayta to‘ldirganini ma’lum qilgan. Eronda Tehron yaqinida, shuningdek Kirmonshoh, Semnon va Fors ko‘rfazi sohillari yaqinida yerosti raketa majmualari mavjud.
Eron dengiz kuchlarining «IRIS Shahid Bagheri» dron tashuvchi kemasi 27-yanvar kuni Bandar-Abbosdan taxminan 5 km uzoqlikdagi dengiz hududida sun’iy yo‘ldosh suratlarida ko‘ringan. U 10-fevral kuni ham Bandar-Abbos yaqinida kuzatilgan.
Quyida sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida qayd etilgan AQSHning Yaqin Sharqdagi bazalaridagi o‘zgarishlar keltirilgan:
Al-Udeyd, Qatar:

(2026 PLANET LABS PBC/Handout, REUTERS)
1-fevral kungi tasvirlarda bir dona RC-135 razvedka samolyoti, uchta C-130 Hercules, 18 ta KC-135 Stratotanker va yettita C-17 samolyoti ko‘ringan. 17-yanvar kuni esa 14 ta Stratotanker va ikkita C-17 mavjud edi.
10 tagacha MIM-104 Patriot havo mudofaa tizimi HEMTT mashinalariga joylashtirilgan.
Muvaffaq, Iordaniya:

(2026 PLANET LABS PBC/Handout, REUTERS)
2-fevral kuni Muvaffaqdagi bir joy tasvirlarida 17 ta F-15E zarba samolyoti, 8 ta A-10 Thunderbolt, to‘rtta C-130 va turi aniqlanmagan to‘rtta vertolyot ko‘ringan. 16-yanvar kunigi tasvirlar past aniqlikda bo‘lgani sababli barcha samolyotlarni aniqlash imkoni bo‘lmagan.
2-fevral kunigi ikkinchi joy tasvirlarida birta C-17, birta C-130 va to‘rtta EA-18G Growler elektron urush samolyoti kuzatilgan. 25-yanvar kunigi suratlarda bu joyda hech qanday samolyot ko‘rinmagan.
Boshqa bazalar:

(2026 PLANET LABS PBC/Handout, REUTERS)
Saudiya Arabistonidagi «Prince Sultan» bazasida 2-fevral kunigi tasvirlarda birta C-5 Galaxy va birta C-17 samolyoti ko‘ringan. 6-dekabr kunigi suratlarda esa C-130ga o‘xshash beshta samolyot mavjud bo‘lgan.

(2026 PLANET LABS PBC/Handout, REUTERS)
6-fevral kunigi sun’iy yo‘ldosh suratlari Hind okeanidagi Diyego-Garsiyada 31-yanvar bilan solishtirganda yettitaga ko‘proq samolyot borligini ko‘rsatgan.
25-yanvar va 10-fevral kunlari olingan tasvirlar Ummondagi Duxan bazasida samolyotlar soni oshganini ko‘rsatgan.





