Yevroosiyo taraqqiyot banki Tojikistondagi avtomobil yo‘li qurilishini moliyalashtiradi

Kecha 16:392 daqiqa

Bank ajratayotgan mablag‘lar hisobiga 10 kilometr yo‘l va uchta ko‘prik quriladi.

Yevroosiyo taraqqiyot banki Tojikistondagi avtomobil yo‘li qurilishini moliyalashtiradi © drive2.ru

Yevroosiyo taraqqiyot banki va Tojikiston Moliya vazirligi bugun, 20-may kuni Dushanbe shahrida Labidjar – Qalayxumb avtomobil yo‘lining birinchi uchastkasi qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Hujjatga YeOTBning Tojikiston bo‘yicha direktori Vladimir Yakunin va mamlakat moliya vaziri Fayziddin Kaxxorzoda imzo chekdi. Bu haqda bank matbuot markazi xabar qildi.

Loyiha mamlakat transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlar hamda Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan.

IMZO

Manba: YeOTB matbuot xizmati

Mablag‘ va maqsad

Kelishuvga muvofiq, YeOTB Tojikistonga umumiy qiymati 18,5 million dollar bo‘lgan imtiyozli moliyalashtirish taqdim etadi. Shundan 17 million dollar kredit mablag‘lari, yana 1,5 million dollar esa maqsadli grant sifatida ajratiladi.

Mablag‘lar 10 kilometrlik yo‘l uchastkasini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, uchta ko‘prik barpo etishga yo‘naltiriladi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida yuk tashish xavfsizligi oshishi, tog‘li hududlarning transport jihatidan qulayligi yaxshilanishi hamda respublika hududlarida savdo, tadbirkorlik va investitsiyalarni jalb qilish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi kutilmoqda.

Vladimir Yakuninning ta’kidlashicha, ushbu loyiha Tojikiston transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng qamrovli ishlar tarkibiga kiradi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, hududlararo aloqalarni kengaytirish hamda aholi mobilligini oshirishga xizmat qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishtirokchi davlatlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash YeOTBning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

YeOTB haqida

Yevroosiyo taraqqiyot banki – Yevroosiyo hududida faoliyat yurituvchi ko‘p tomonlama taraqqiyot banki. Bank 20 yildan buyon iqtisodiy aloqalar va ishtirokchi mamlakatlar integratsiyasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi.

YeOTB ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil dekabr oyi oxiri holatiga bankning jamg‘arilgan portfeli umumiy qiymati 19,6 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 326 ta loyihani o‘z ichiga olgan. Portfelning asosiy qismini transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalaridagi loyihalar tashkil etadi. Bank o‘z faoliyatida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va ESG (Environmental, Social, and Governance) tamoyillariga tayanadi.

Teglar

Mavzuga oid