Yevropa chorasiz: Eron urushi sababli Rossiya nefti va gaziga taqiq bekor qilinishi mumkin

Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharqdagi inqiroz tufayli Rossiya nefti va gaziga nisbatan rejalashtirilgan embargoni kechiktirishga majbur bo‘lmoqda. Fors ko‘rfazidan yetkazib berish zanjiri uzilgani Brusselni Moskva bilan aloqaga undamoqda.

Yevropa chorasiz: Eron urushi sababli Rossiya nefti va gaziga taqiq bekor qilinishi mumkin

«Bloomberg» nashrining xabar berishicha, Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharqdan keladigan energiya oqimlariga tayanib, Rossiya gazidan butunlay voz kechmoqchi edi. Biroq AQSH va Isroilning Eronga qarshi amaliyoti bu rejalarni chipakka chiqardi. Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining bloklanishi dunyo neft ta’minotining 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksportining 30 foizini to‘xtatib qo‘ydi. Yevropalik mulozimlarning fikricha, hatto urush hozir to‘xtagan taqdirda ham, xavfsizlik kafolatlarisiz kema qatnovlarini tiklash uchun uzoq vaqt talab etiladi.

Vaziyatni Eronning Qatardagi Ras-Laffan sanoat shahriga bergan raketa zarbasi yanada og‘irlashtirdi. Bu yerda dunyodagi eng yirik STG majmuasi joylashgan bo‘lib, hujum natijasida yiliga 12,8 million tonna gaz ishlab chiqarish quvvatlari ishdan chiqqan. «QatarEnergy» rahbari Sa’d al-Ka’biy ushbu obyektlarni qayta tiklash uchun 3 yildan 5 yilgacha vaqt kerakligini ma’lum qildi. Bu esa Qatarni yaqin yillar ichida Yevropa uchun ishonchli yetkazib beruvchilar ro‘yxatidan chiqarib tashlaydi.

Energiya bozoridagi shok

19-mart kuni Yevropada gaz narxi bir zumda 32 foizga ko‘tarilib, ming kubometr uchun 873,5 dollarni tashkil etdi. Yevropa Markaziy banki ushbu inqiroz davom etsa, yevrohududda inflatsiya 6,3 foizgacha chiqishi va qisqa muddatli retsessiya boshlanishidan ogohlantirmoqda. Energiya taqchilligi sharoitida Yevropa davlatlari iqtisodiy halokatga uchramaslik uchun Rossiyadan resurs sotib olishni davom ettirishdan boshqa chora topmayapti.

Brusseldagi manbalarning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroilning mintaqaviy inqirozdan chiqish bo‘yicha aniq rejasi yo‘qligi Yevropa yetakchilarida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Fors ko‘rfazidagi infratuzilmaning vayron bo‘lishi global energiya xavfsizligiga sovuq zarba bo‘ldi. Bu vaziyatda Rossiya resurslaridan voz kechish Yevropa sanoatining to‘liq to‘xtashini anglatishi mumkin, shu sababli sanksiyalar paketiga o‘zgartirish kiritish masalasi kun tartibiga chiqdi.

Putin uchun kutilmagan tuhfa

«Bloomberg» ushbu vaziyatni Vladimir Putin uchun «ulkan sovg‘a» deb atadi. Jahon bozorida neft va gaz narxining keskin ko‘tarilishi Rossiya budjetiga milliardlab qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Bu mablag‘lar nafaqat budjet taqchilligini yopishga, balki Ukrainadagi urushni moliyalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Eron inqirozi bilvosita Moskvaning iqtisodiy mavqeini mustahkamlab, G‘arbning sanksiyalar siyosatini samarasiz qilib qo‘ydi.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari energiya qaramligidan qutilish yo‘lida yangi to‘siqqa duch keldilar. Qatar gazining bozordan chiqib ketishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qamal Brusselni strategik qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Endilikda Yevropa nafaqat qimmat energiya narxlari, balki Rossiyaning siyosiy bosimiga ham chidashiga to‘g‘ri keladi. Yaqin Sharqdagi urush kutilmaganda Rossiyaning energiya diplomatiyasi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Teglar

Mavzuga oid