add

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar rejasiga Slovakiya va Vengriya to‘siq bo‘lmoqda

11.06.2025 | 19:459054

Bryussel Kremlga pul oqimini to‘xtatishni maqsad qilgan, ammo Vengriya va Slovakiya qo‘shimcha cheklovlarga qarshi chiqish bilan uning rejalarini murakkablashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar rejasiga Slovakiya va Vengriya to‘siq bo‘lmoqda
Yevropa Ittifoqining Rossiya banklari va energetika kompaniyalariga qarshi sanksiyalarining 18-paketi qabul qilinishi oson kechmaydi. Chunki uning qabul qilinishi uchun barcha 27 a’zo davlatning yakdilligi talab etiladi. Vengriya va Slovakiya esa bu jarayonni bloklash bilan tahdid qilmoqda. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Rossiyadan neft, gaz va yadro yoqilg‘isi yetkazib berish to‘liq to‘xtaganda mamlakat yuza tutadigan muammolar yechimisiz qolsa, sanksiyalarga rozi bo‘lmasligini bildirdi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham bir necha marta Rossiyaga qarshi energetik cheklovlarga qarshiligini bildirgan. Yangi sanksiyalar paketi faqat banklargina emas, balki Nord Stream quvurlari bilan bog‘liq kompaniyalarni ham qamrab oladi. Shuningdek, Rossiya neftidan qayta ishlangan yoqilg‘ilarning uchinchi davlatlar orqali import qilinishiga ham taqiq joriy etish ko‘zda tutilgan. Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ushbu takliflarni 11 iyun kuni taqdim etdi. U G7 sammitida neft narxlari uchun belgilangan 60 dollarlik chegarani pasaytirish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Polsha, YeI Kengashi raisligini yuritib kelayotgan mamlakat sifatida, 1 iyulgacha — Daniya raislikni qabul qilib olishidan oldin — sanksiyalar paketini qabul qilishga umid qilmoqda. Shu bois ittifoq mamlakatlari 27 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan yetakchilar uchrashuvidan oldin kelishuvga erishishi kerak. Bryusselda elchilarning yopiq uchrashuvida takliflar jiddiy qarshilikka uchramagani aytildi. Diplomatlar so‘zlariga ko‘ra, Slovakiya va Vengriyaning rasmiy bayonotlaridan farqli ravishda, yopiq eshiklar ortidagi muzokaralarda u qadar qat’iy qarshilik ko‘rinmagan. Komissiya 17 ta sanksiya paketini qabul qilgani va hozirgi holatda ham bitimga erishish mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Bryussel 2027 yilgacha Rossiya gazidan to‘liq voz kechish bo‘yicha aniq yo‘l xaritasini taqdim etishga tayyorlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid