Logo

Yevropada halokatli jazirama: Ispaniyada o‘rmonlar yonyapti, Fransiyada esa butun mamlakat bo‘ylab favqulodda rejim joriy etilmoqda

Bugun 09:454 daqiqa

Ispaniya janubidagi Andalusiya mintaqasida anomal jazirama oqibatida yuzaga kelgan keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari sababli kamida 12 kishi halok bo‘ldi va 23 kishi bedarak yo‘qoldi. Yirik o‘rmon yong‘inlari Fransiya va Portugaliyani ham qamrab olgan.

Yevropada halokatli jazirama: Ispaniyada o‘rmonlar yonyapti, Fransiyada esa butun mamlakat bo‘ylab favqulodda rejim joriy etilmoqda © dw.com

Andalusiya hukumati rahbari Xuanma Morenoning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga elektr uzatish tarmog‘idagi uzilish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng alanga Almeriya provinsiyasining Los-Galyardos hududidagi o‘rmonzorlar bo‘ylab tezda tarqalib ketgan.

Ofat bilan mustaqil kurasha olmayotgan mahalliy o‘t o‘chirish xizmatlariga ko‘mak berish maqsadida Ispaniya Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha harbiy bo‘linmasi Almeriya mintaqasiga 220 nafar harbiy xizmatchi va 70 ta texnika jo‘natgan.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu Ispaniya tarixidagi eng halokatli o‘rmon yong‘inlaridan biri hisoblanadi.

1

«BBC» nashrining yozishicha, joriy yil yozida Yevropa janubi uzoq davom etayotgan jaziramadan aziyat chekmoqda, havo harorati doimiy ravishda 40°C atrofida saqlanib turibdi.

«World Weather Attribution» tadqiqotlariga ko‘ra, O‘rta Yer dengizi mamlakatlarida o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashuvi bevosita iqlim o‘zgarishiga bog‘liq. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, aynan global isish ekstremal jazirama va qurg‘oqchilikning tez-tez sodir bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yirik o‘rmon yong‘inlari kelib chiqishi va tez tarqalishi uchun qulay sharoit yaratyapti.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, Yevropa yaqin yillarda yanada halokatli va tez-tez takrorlanuvchi o‘rmon yong‘inlariga duch kelishi ehtimoli yuqori.

Fransiya vaziyatning yanada yomonlashishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Fransiya kuchli jazirama sababli tarixda ilk bor butun mamlakat bo‘ylab favqulodda tayyorgarlik rejimini joriy qilmoqda.

10-iyul kuni mamlakat g‘arbidagi to‘qqizta departamentda xavfning eng yuqori — «qizil» darajasi e’lon qilindi.

Hukumat vakili Mod Brejonning ma’lum qilishicha, rasmiylar aholining yordamga muhtoj qatlamlari uchun maxsus sovutish markazlarini tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, qo‘shimcha kuch va vositalarni tezkor jalb qilish imkonini beruvchi fuqarolar muhofazasining maxsus mexanizmi ishga tushirilmoqda.

Fransiya yil boshidan buyon uchinchi bor kuchli jazirama to‘lqiniga duch keldi. Anomal issiq va uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilik sababli butun mamlakat bo‘ylab o‘rmon yong‘inlari shiddat bilan ko‘paymoqda.

Iyul oyining birinchi haftasida Fransiyada yong‘in tufayli 9 921 gektar maydon yaroqsiz holga keldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb uch barobar ko‘p.

Britaniyada yangi antirekordlar

Buyuk Britaniya yil boshidan buyon uchinchi bor jazirama to‘lqinini boshdan kechirmoqda.

10-iyul kuni eng yuqori harorat Surrey grafligida qayd etilib, termometr 35,5°C ni ko‘rsatgan. Shuningdek, Shotlandiyada (Charterxoll) havo harorati 29,3°C gacha, Uelsda (Kardiffdagi Byut parki) 31,3°C gacha va Shimoliy Irlandiyada (Killouen) 27,5°C gacha isigan.

Bundan tashqari, 2026 yilda harorat 34°C dan yuqori bo‘lgan kunlar soni bo‘yicha yangi milliy rekord o‘rnatilgan. Bunday jazirama kunlari sakkiztani tashkil etib, 1976 va 2020 yillardagi oldingi maksimum ko‘rsatkichdan (yetti kun) oshib ketgan.

Anomal issiq sababli temir yo‘l transporti harakatida uzilishlar kuzatilgan.

Me’yordan ortiq o‘lim ko‘rsatkichlari

Yevropa Komissiyasining e’lon qilingan hisobotida aytilishicha, tungi havo haroratining 20°C dan pastga tushmasligi holati, ya’ni «tropik tunlar» sonining ortib borayotgani asosiy xavflardan biriga aylanmoqda.

«Odatda tungi salqinlik tanaga kun davomida to‘plangan issiqlikdan xalos bo‘lib, qayta tiklanish imkonini beradi. Biroq kechasi ham jazirama saqlanib qolsa, ushbu tabiiy sovutish mexanizmi ishlamaydi. Bu esa issiqlik stressi va o‘lim xavfini sezilarli darajada oshiradi», — deyiladi «BBC» nashri xabarida.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina 2022 yilning o‘zida jazirama Yevropada qariyb 70 ming kishining umriga zomin bo‘lgan. Eng katta xavf ostida keksalar, yosh bolalar, surunkali kasalliklarga chalinganlar va ochiq havoda ishlaydiganlar qolmoqda.

Joriy yilning iyun oyida Yevropani qamrab olgan so‘nggi jazirama to‘lqinining dastlabki xulosalari ham katta insoniy yo‘qotishlardan dalolat bermoqda. Olimlarning tezkor tahlillariga ko‘ra, ekstremal harorat 20 mingdan ortiq bevaqt o‘limga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, faqatgina 22–28-iyun kunlari oralig‘idagi o‘lim ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘lishi taxmin qilinmoqda:

  • Fransiyada — 5 mingdan ortiq;

  • Germaniyada — taxminan 4,5 ming;

  • Ispaniyada — 3 mingdan ortiq;

  • Italiyada — 2,7 ming;

  • Polshada — 1 070 kishi;

  • Buyuk Britaniyada — 862 kishi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘lim haqidagi guvohnomalarda jazirama kamdan-kam hollarda bevosita sabab sifatida ko‘rsatiladi. Aksariyat holatlarda u faqatgina yondosh omil sifatida qayd etiladi. Shu bois qurbonlarning aniq sonini rasmiy hujjatlarni hisoblash orqali aniqlab bo‘lmaydi.

Buning o‘rniga olimlar o‘lim statistikasini ob-havo ma’lumotlari bilan taqqoslash orqali, me’yordan ortiq o‘limni baholashning xalqaro miqyosda tan olingan usulidan foydalanadi.

Teglar

Mavzuga oid