Yoqilg‘isiz va qurolsiz: Ukrainaning yangi dronlar strategiyasi Rossiya ta’minot tizimini qanday vayron qilmoqda?
«Deep State» tahliliy guruhiga ko‘ra, Kiyev bosib olingan janubiy hududlar, xususan, Qrim orqali o‘tadigan barcha harakatlarni to‘liq nazorat ostiga olish arafasida turibdi. Bu esa janubdagi Rossiya armiyasini ta’minotdan butunlay uzib, ularni halokatli qamal girdobiga tashlaydi.
© ReutersUkrainaning o‘rta masofaga uchuvchi yangi avlod dronlari janubiy frontga elituvchi Rossiya harbiy ta’minot yo‘llarini falaj qilmoqda. Ushbu qurilmalar ko‘priklar, poyezdlar va yoqilg‘i tashuvchi mashinalarga zarba bermoqda. CNN nashrining yozishicha, bu Kiyevga Moskvaning yozgi hujum rejalarini chippakka chiqarish imkonini beryapti.
Rossiyaning yoqilg‘i tankerlari, yuk mashinalari va boshqa transport vositalariga 150 ga yaqin zarba berilgan. Ushbu hujumlar aks etgan video va suratlarni fransiyalik tahlilchi Klement Molin, ko‘ngillilardan iborat «GeoConfirmed» guruhi hamda «CNN» telekanalining ochiq manbalar bo‘yicha tahliliy (OSINT) jamoasi geolokatsiya orqali tasdiqlab, o‘rganib чиққан.
Zarbalarning aksariyati may oyining boshidan beri amalga oshirilgan bo‘lib, bundan tashqari, port inshootlari va kemalar kabi boshqa nishonlarga ham hujumlar soni keskin ko‘paygan.
Parvoz masofasi 50 dan 300 kilometrgacha bo‘lgan va to‘liq Ukrainada ishlab chiqarilgan ushbu dronlar Rossiya armiyasining logistikasini bo‘g‘ib qo‘yishga mo‘ljallangan. Bu esa, urushning beshinchi yili davom etayotgan bir paytda, Ukrainaning harbiy strategiyasini yangi darajaga olib chiqmoqda.
Yangi ishlab chiqilgan qurilmalar orasida «FP-2» va «Behemoth» dronlari bor. Ularning kreyser tezligi soatiga 180 kilometrni tashkil qiladi va 70 kilogrammgacha bo‘lgan jangovar kallaklarni tashiy oladi.
«Ukrainaliklar Qrimni asosiy ta’minot yo‘llaridan uzib qo‘yish va butun front chizig‘i bo‘ylab Rossiyaning logistik holatini murakkablashtirish maqsadida keng ko‘lamli dronlar hujumini boshlash imkoniga ega bo‘ldi», — dedi Molin «CNN» bilan suhbatda.
Ukrainaning dron amaliyotlarini boshqaruvchi harbiy tarmog‘i — Uchuvchisiz tizimlar kuchlarining ma’lum qilishicha, o‘tgan bir yil ichida o‘rta masofaga zarba berish missiyalari soni 28 barobarga oshgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — Rossiyaning hujum salohiyatini pasaytirish va dushman kuchlari uchun o‘tib bo‘lmas logistika hamda ta’minot muammolarini yaratishdir. Shuningdek, uzoqroq masofaga uchuvchi Ukraina dronlariga «yo‘laklar» ochish maqsadida bosib olingan hududlardagi Rossiya havo mudofaa tizimlarini yo‘q qilish ham asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Dron zarbalari Rossiya va bosib olingan Ukraina hududlari o‘rtasidagi bir nechta yo‘nalishlardan foydalanishni o‘ta xavfli qilib qo‘ygan. Buning zanjirli oqibati janubiy Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari uchun yoqilg‘i va o‘q-dorilar taqchilligida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning urushdagi maqsadlarini yanada izdan chiqarmoqda.
Geolokatsiya orqali tasdiqlangan videolarga ko‘ra, urushning ilk kunlaridanoq Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan Melitopol shahri va Qrim o‘rtasidagi avtomobil yo‘li yonib ketgan yuk mashinalari hamda tankerlar bilan to‘lib toshgan. Qrimning o‘zida ham doimiy yoqilg‘i taqchilligi kuzatilmoqda.
«Futura Doctrina» blogi muallifi, Avstraliya armiyasining sobiq katta ofitseri va tahlilchi Mik Rayanning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina dronlari sohil bo‘ylab Qrimga olib boruvchi uchta avtomobil yo‘lini havodan nazoratga olgan.
«Yoqilg‘i tankerlari va yuk mashinalari muntazam ravishda yoqib yuborilmoqda. Yarim orolni materik bilan bog‘lovchi bo‘g‘inlar birin-ketin uzilmoqda», — deya tan oladi rossiyalik harbiy blogerlardan biri.
Kengaytirilgan «o‘lim zonalari»
Ukraina Mudofaa vaziri Mixail Fedorov buni «logistik qamal» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bundan maqsad — front chizig‘idan ancha uzoqda «Rossiyaning imkoniyatlarini tizimli ravishda yo‘q qilish» va «ularni faol hujum operatsiyalari o‘tkazish qobiliyatidan mahrum qilish»dir.
«Dushman endi tutashuv chizig‘idan ancha uzoq masofada ham o‘zini xavfsiz his qila olmaydi», — degan edi Fedorov o‘tgan oyda.
Molinning tadqiqotlari ushbu strategiya ish berayotganini ko‘rsatmoqda.
Tahlilchi front chizig‘idan 300 kilometrgacha uzoqlikda berilgan yuzlab Ukraina zarbalari xaritasini tuzib chiqdi. Shundan so‘ng u Ukraina «o‘lim zonasi»ning qamrovini qayta belgilab berganini ta’kidladi.
«Asosiy yo‘nalishlar bo‘ylab uchadigan va Rossiya logistikasini, ayniqsa, harbiy texnika hamda yoqilg‘i tashuvchi yuk mashinalarini nishonga oluvchi kamikadze-dronlar (daydi o‘q-dorilar) ham yuqori samaradorlik ko‘rsatmoqda», — dedi Molin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 2026 yilning yanvar oyidan beri 20 ta poyezd nishonga olingan bo‘lib, ularning aksariyati butun front bo‘ylab harakatlanayotgan yoqilg‘i tashuvchi poyezdlardir.
Boshqa tadqiqotchilar ham xuddi shunday tendensiyani kuzatmoqda.
Urushni o‘rganish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, «may oyida geolokatsiya orqali tasdiqlangan kadrlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Ukraina kuchlari Qrim va janubiy Ukrainaning boshqa hududlaridagi avtomobil yo‘llarida kamida 35 ta Rossiya yuk mashinasi hamda boshqa transport vositalariga zarba bergan».
Bunga yorqin misol sifatida Qrimni bosib olingan Ukraina hududlari bilan bog‘lovchi eng muhim avtomobil yo‘li — Chongar qishlog‘i yaqinidagi ko‘prikdan o‘tuvchi yo‘nalishni keltirish mumkin. Ukrainaning dronlar bo‘linmasi mazkur ko‘prikka bir necha bor zarba berib, uning yo‘l qoplamasida hosil bo‘lgan katta chuqurlar aks etgan suratlarni e’lon qildi.
Bosib olingan Xerson viloyatidagi Rossiya qo‘llovi ostidagi ma’muriyat Chongar va boshqa ko‘priklarga shikast yetkazilganini tan oldi. Oqibatda transport qatnovi bir necha bor to‘xtatilib, ularning o‘rniga unchalik samarali bo‘lmagan ponton ko‘priklar o‘rnatishga to‘g‘ri kelgan.
Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari bu tahdidga qarshi turishda ojizdek ko‘rinmoqda.
Ukraina dron kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdining so‘zlariga ko‘ra, shu oyning o‘zida, atigi ikki hafta ichida Chongar ko‘prigi orqali yuk tashish hajmi 71 foizga kamaygan. Ukraina harbiylarining ta’kidlashicha, bu zarbalar ruslarni muqobil yo‘nalishlardan foydalanishga majbur qilgan va harbiy ta’minot ortilgan ko‘plab yuk mashinalari g‘arbroqqa burib yuborilgan. Biroq Armyansk shahri orqali o‘tuvchi bu yo‘nalishga ham zarba berildi.
«O‘sha paytda u yerda 50 ga yaqin transport vositasi to‘plangan edi», — deydi Ukrainaning 1-alohida shturm polki qo‘mondoni Dmitro Filatov.
Bunday muntazam zarbalar Rossiya hududini Kerch bo‘g‘ozi orqali Qrim bilan bog‘lovchi boshqa bir ko‘prikning endi yanada muhimroq arteriyaga aylanganini anglatadi.
Ukrainaning hujumlari «Qrim logistikasini ta’minlashda Kerch ko‘prigining ahamiyatini oshirdi. Taxminimcha, Ukraina o‘zida ishlab chiqarilgan dronlar yoki raketalar yordamida ushbu ko‘prikni nishonga olishga urinadi», — deb yozadi tahlilchi Rob Li. 2018 yilda Putin tomonidan ochilgan Kerch avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi avval ham Ukraina hujumlari nishoniga aylangan edi.
Taqiqlangan yo‘nalishlar
Rossiyadan bosib olingan Ukraina hududlariga olib boruvchi ayrim avtomobil yo‘llari o‘rta masofaga uchuvchi dronlar tahdidi sababli harbiy transport qatnovi uchun yopildi. Bosib olingan Luganskdagi Rossiya tomonidan dastaklanayotgan ma’muriyat Belgorod va Rostov-Don shaharlaridan keluvchi ikkita avtomobil yo‘lida transport harakati to‘xtatilganini e’lon qildi. Bu yo‘llar harbiylar hamda bosib olingan hududlarga ta’minot yetkazishda o‘ta muhim ahamiyatga ega edi.
«So‘nggi paytlarda mintaqaning transport infratuzilmasiga hujumlar tez-tez sodir bo‘lmoqda. Shuningdek, Ukraina Azov dengizi bo‘yida joylashgan strategik va sanoat markazi — Mariupol portini ham nishonga olishni boshladi», — deyiladi bayonotda.
Shu oy boshida port hududiga bir nechta dron zarbasi berilgani aks etgan videoni e’lon qilgan Ukraina Milliy gvardiyasining ta’kidlashicha, port «elektr ta’minotidan butunlay uzilgan va Rossiya qo‘shinlarining logistikasiga jiddiy putur yetgan».
Rossiyalik harbiy blogerlar Rossiya Mudofaa vazirligining sustkashligidan norozi bo‘lmoqda. Eng mashhur blogerlardan biri «Ikki mayor» («Dva mayora») shunday yozadi: «Ukrainaning bu amaliyotlari «janubdagi neftni qayta ishlash zavodlarini ishdan chiqarib, yoqilg‘i va logistika muammolarini yaratmoqda, endi esa dushman dronlar karvoni bilan fuqarolik aviatsiyasini ham yerga qo‘ndirmoqda. Bundan tashqari, Rossiya kuchlari orasida «Starlink» sun’iy yo‘ldosh aloqasining uzib qo‘yilgani ham Ukrainaning ushbu kampaniyasiga qo‘l keldi».
Biroq tahlilchilar va Ukraina harbiylari orasidagi ayrim shaxslar bu ustunlik uzoqqa cho‘zilmasligi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, «Rossiya kuchlari zaif bo‘lib turgan bir paytda, Ukraina o‘z tashabbusidan foydalanib qolishi uchun noyob va vaqt bilan cheklangan imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin».
Shunga qaramay, Rayanning fikricha, Ukrainaning uch bosqichli dronlar strategiyasi — jang maydonida, ta’minot yo‘nalishlariga qarshi va Rossiya ichkarisida qo‘llanayotgani — «Rossiya kuchlariga bosimni oshiradi, ularning hujum salohiyatini pasaytiradi va kelgusidagi Ukraina hujum operatsiyalari uchun jang maydonini tayyorlab beradi».
Janubiy Ukrainadagi Rossiya kuchlari bu yil allaqachon ba’zi pozitsiyalarini qo‘ldan boy berdi. Bu holat qisman ularning ta’minot yo‘llari shimoldagilarga qaraganda ko‘proq zaif ekani bilan izohlanadi.
Ukrainaning mustaqil «Deep State» tahliliy guruhiga ko‘ra, Kiyev bosib olingan janubiy hududlar, xususan, Qrim orqali o‘tadigan barcha harakatlarni to‘liq nazorat ostiga olish arafasida turibdi. Bu esa janubdagi Rossiya armiyasini ta’minotdan butunlay uzib, ularni halokatli qamal girdobiga tashlaydi.





