add

Zelenskiy: O‘zbekistonliklar Rossiya safida Ukrainaga qarshi jang qilmoqda

05.08.2025 | 09:4039394

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan o‘zbekistonliklar haqida bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, ular orasida yollanma harbiylar va yosh fuqarolar ham bor. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotlar yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.

Zelenskiy: O‘zbekistonliklar Rossiya safida Ukrainaga qarshi jang qilmoqda
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4 avgust kuni Vovchansk yo‘nalishida Ukraina harbiylari bilan uchrashuvdan so‘ng bayonot berdi. Unda dronlar bilan ta’minlash, ulardan foydalanish, yangi askarlarni jalb qilish va brigadalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish masalalari muhokama qilinganini ma’lum qildi. Prezidentning aytishicha, janglarda Xitoy, Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston va Afrika davlatlaridan kelgan yollanma askarlar qatnashmoqda. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 2025 yilda kamida 902 nafar O‘zbekiston fuqarosini armiya bilan shartnoma tuzish orqali urushga jalb qilgan. Ular orasida 18–19 yoshli yigitlar ham bor. Iyul oyida «Xochu jit» («Yashashni xohlayman») loyihasi mazkur holat haqida xabar bergandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya o‘zbek muhojirlarini yuqori maoshli ish bahonasida qurilish yoki front orti bo‘linmalariga jalb qiladi. Asosiy rag‘bat sifatida ularga Rossiya fuqaroligi va’da qilinadi. Ukraina asirligida hozirda 33 davlat fuqarolari bor bo‘lib, ular orasida eng ko‘pi — O‘zbekistonliklar. Aprel oyida «Xochu jit» loyihasi Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, urushda qatnashgan 1100 nafar shaxs haqida ma’lumot e’lon qilgan. Loyiha ma’lumoticha, to‘liq ro‘yxatda etnik o‘zbeklar hisobga olinsa, bu raqam bir necha mingga yetishi mumkin. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan tekshirilayotganini bildirdi. U, O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy harbiy harakatlarda ishtirok etishi qonun bilan taqiqlanganini, ma’lumotlar tasdiqlansa, chora ko‘rilishini ta’kidladi. O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ko‘ra, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha, yollash yoki o‘qitish 12 yilgacha, xorijiy harbiy xizmatga yollanish esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishiga olib keladi.

Teglar

Mavzuga oid