
Zelenskiy Putin bilan Moskvada uchrashish taklifiga javob qaytardi
23–24-yanvar kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralardan so‘ng, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov uni Moskvaga taklif qilgan edi.

Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy Yuriy Ushakovning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada uchrashuv o‘tkazish haqidagi taklifiga izoh berdi. Bu haqda RBK-Ukraina xabar berdi.
«So‘zsiz, mening Moskvada Putin bilan uchrashishimning iloji yo‘q. Bu xuddi Putin bilan Kiyevda uchrashishdek gap. Men ham uni Kiyevga taklif qilishim mumkin, mayli kelsin. Agar jur’at qilsa, albatta, uni ommaviy ravishda taklif qilaman», - dedi Zelenskiy jurnalistlar savollariga javob berar ekan.
Ukraina prezidenti, agar bunday muzokaralar urushni tugatishga yordam bersa, yetakchilar darajasidagi har qanday formatdagi uchrashuvga tayyorligini ta’kidladi.
«Bunday uchrashuvni Moskva va Belarusda o‘tkazish «shunchaki imkonsiz va bu mutlaqo tushunarli — chunki bu davlatlarning biri bizga qarshi urush boshlagan va olib borayotgan, bizni o‘ldirayotgan agressor bo‘lsa, boshqasi ushbu harakatlarda uning sherigidir», - dedi Zelenskiy.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025 yil kuzida Zelenskiyga shaxsiy uchrashuv uchun Moskvaga kelishni taklif qilgan edi. O‘shanda ham Ukraina prezidenti Putinning o‘zi Kiyevga kelishi mumkinligini aytib, rad javobini bergan.
Taklif
2026 yil 23–24-yanvar kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralardan so‘ng, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov yana xuddi shunday taklif bilan chiqdi.
Aleksandr Lukashenko esa Belarus o‘z hududida Rossiya va Ukraina yetakchilari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Ukrainadagi urush 2014 yilda Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi va mamlakat sharqidagi Donbass mintaqasida boshlangan qurolli nizolar bilan ildiz otgan bo‘lib, 2022 yil 24-fevral kuni Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli bostirib kirishi natijasida eng keskin fazasiga chiqdi. 2026 yilga kelib, Rossiya Ukraina hududining taxminan 17-20 foizini ishg‘ol qilmoqda, ammo hujumlari sekin kechmoqda – masalan, 2024-2025 yillarda har kuni o‘rtacha 15-70 metr harakat qilgan – va har ikki tomon ham ulkan yo‘qotishlarga duch kelmoqda: Rossiya 1,2 milliondan ortiq harbiy yo‘qotishga uchragan, umumiy hisobda 2 millionga yetishi mumkin. Hozirda tinchlik muzokaralari davom etmoqda, AQSH Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taklif qilib, Donetsk va Luganskning qolgan qismini Rossiyaga berishni talab qilyapti, Ukraina rozi emas.





