
Zelenskiy Qozog‘istonga Ukraina suvereniteti qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi
23.09.2025 | 10:3040822
Ukraina va Qozog‘iston prezidentlari BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida muloqot qilib, urushni tugatishda diplomatik harakatlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

Nyu-York shahrida Volodimir Zelenskiy va Qosim-Jomart Toqayev uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda ikki tomonlama iqtisodiy va gumanitar hamkorlik masalalari muhokama etildi. Zelenskiy Ukrainadagi vaziyat yuzasidan o‘z fikrlarini bayon qildi.
Toqayev bu o‘ta murakkab sharoitda mojaroni tugatish uchun diplomatik ishlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Zelenskiy esa asosiy vazifa sifatida xavfsizlikning ishonchli kafolatlari bilan adolatli va uzoq muddatli tinchlikka erishish ekanligini aytdi.
Shuningdek, tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish va Qozog‘iston kompaniyalarining Ukraina tiklanish jarayonida ishtirok etish masalalariga alohida to‘xtalishdi.
Zelenskiy uchrashuvdan keyin Ukraina, AQSH, Yevropa va boshqa hamkorlar olib borayotgan urushni tugatish va qon to‘kilishini to‘xtatish borasidagi harakatlar keng muhokama qilinganini ma’lum qildi.
«Qozog‘istonga Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildiraman» — dedi Zelenskiy o‘z ijtimoiy tarmog‘ida.





