Logo

«Apple»ning eng katta qo‘rquvi yuz berdi: Hakerlar «iPhone 18 Pro» va ta’minot zanjirini oshkor qildi

Bugun 14:526 daqiqa

Texnologik gigant «Apple» kompaniyasining Hindistondagi eng yirik ishlab chiqarish hamkori — «Tata Electronics» shirkati kiberhujumga uchradi. «World Leaks» hakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan ushbu hujum oqibatida 630 gigabaytdan ortiq maxfiy hujjatlar internetga sizdirildi.

«Apple»ning eng katta qo‘rquvi yuz berdi: Hakerlar «iPhone 18 Pro» va ta’minot zanjirini oshkor qildi © techradar.com

 «Apple» kompaniyasining Hindistondagi eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lgan «Tata Electronics» shirkati kiberhujumga uchradi. Hakerlar korxona tizimidan 630 gigabaytdan ortiq hajmdagi maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab, ommaga oshkor qildi. Sizib chiqqan hujjatlar orasida kelgusi yilning sentabr oyida taqdimoti kutilayotgan «iPhone 18 Pro» smartfonining butlovchi qismlari, ta’minotchilariga oid ma’lumotlar va qurilmaning ilk suratlari mavjud.

«Tata Electronics» dunyodagi eng yirik elektronika ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, «Apple» va «Tesla» kabi yirik korporatsiyalar uchun buyurtmalarni bajaradi. Xabarlarga ko‘ra, ushbu yirik o‘g‘rilik ortida «World Leaks» nomli hakerlar guruhi turibdi. Mazkur kiberhujum oqibatida «Apple» yillar davomida qattiq sir saqlab kelgan eng muhim jarayon — shirkatning global ta’minot zanjiri qanday ishlashi ochiqlanib qoldi. «Apple» yuz bergan holatdan xavotirda ekanini bildirib, surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan.

Quyida ushbu voqea tafsilotlari va uning nima uchun muhim ahamiyatga ega ekani haqida so‘z yuritiladi.

Ushbu voqea haqida nimalar ma’lum?

«Reuters» axborot agentligining xabariga ko‘ra, «World Leaks» guruhi 12-iyun kuni darknetdagi o‘z sayti orqali hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olgan. Hakerlar jami 200 mingdan ortiq faylni tarmoqqa joylashtirgan. «Tata Electronics» vakillari ham kiberxavfsizlik bilan bog‘liq ushbu muammoni rasman tasdiqladi.

Tarqalgan fayllarda «iPhone 18 Pro» modeliga tegishli batafsil ma’lumotlar, jumladan, asosiy platadagi chiplar, batareya tarkibi, kamera modullari hamda har bir detalni qaysi hamkor yetkazib berishi aniq ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, muayyan butlovchi qismlarni yetkazib berish shartnomasi uchun qaysi kompaniyalar o‘zaro raqobatlashayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Bu esa kuzatuvchilarga «Apple» tizimining zaif nuqtalarini va texnologik gigant qaysi yo‘nalishlarda muqobil ta’minotchilarga ega ekanini tahlil qilish imkonini beradi.

«PP Foresight» texnologiya tadqiqotlari va konsalting firmasi asoschisi, tahlilchi Paolo Peskatorening fikricha, bu safar shunchaki yangi model suratlari emas, balki undan ancha muhimroq ma’lumotlar oshkor bo‘lgan.

«Eng katta muammo — «Apple» hech qachon o‘z ixtiyori bilan oshkor qilmaydigan ta’minotchilar va butlovchi qismlar haqidagi maxfiy ma’lumotlarning fosh etilishida бўлdi. Bu holat raqobatchilar, boshqa ta’minotchilar, qalbaki mahsulot ishlab chiqaruvchilar va g‘arazgo‘y kimsalarga «Apple»ning ta’minot zanjiri qanday tuzilgani va uning zaif nuqtalari qayerda bo‘lishi mumkinligi haqida qimmatli ma’lumot beradi», — deydi ekspert «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida.

Sizib chiqish qanday yuz berdi?

«Tata Electronics» shirkati ichki tizimlarga kirishni cheklaganini hamda holat yuzasidan sinchkovlik bilan tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.

Biroq ekspert Paolo Peskatorening fikricha, bu kabi kiberhujumlar odatda tizimga tez kirib, bor narsani o‘g‘irlab chiqib ketish (smash-and-grab) usulida amalga oshirilmaydi. Uning ta’kidlashicha, bunchalik katta hajmdagi va muhim hujjatlarni qo‘lga kiritish uchun hujumchilarga «odatda tashkilot ichida ko‘makchi, o‘g‘irlangan login va parollar, bo‘sh nazorat tizimi yoki ichki tarmoq bo‘ylab sezilmasdan harakat qilish imkoniyati kerak bo‘ladi».

Bunday zaiflik bevosita «Apple» kompaniyasining o‘zida bo‘lishi shart emas — mazkur vaziyatda kuzatilganidek, hamkor korxona tizimidagi bo‘shliq ham kifoya qiladi.

 «World Leaks» o‘zi nima?

Bu tovlamachi hakerlar guruhi bo‘lib, ular «buzib kir va tarqat» (hack-and-leak) modeli asosida ishlaydi. Ular jabrlanuvchilarga pul to‘lash talabini qo‘yadi, aks holda o‘g‘irlangan ulkan hajmdagi ma’lumotlarni ommaga oshkor qilish bilan tahdid qiladi.

«World Leaks» yirik kompaniyalarni nishonga olishi bilan tanilgan. O‘tgan yilning iyul oyida ular «Dell» kompaniyasidan 1,3 terabayt ma’lumotni o‘g‘irlagan edi. O‘shanda shirkat bu ma’lumotlar o‘ta muhim emasligini aytib, vaziyatni bosdi-bosdi qilishga uringandi. Shuningdek, joriy yilning yanvar oyida hakerlar «Nike» kompaniyasidan 1,4 terabaytlik ma’lumotlar bazasini o‘g‘irlaganini da’vo qilishgan.

Bundan kimlar zarar ko‘rmoqda?

«Tata Electronics»dan o‘g‘irlangan fayllar asosan korporativ hujjatlardan iborat. Iste’molchilarning to‘lov ma’lumotlari yoki «Apple» foydalanuvchilarining shaxsiy bazasi o‘g‘irlangani haqida hozircha hech qanday belgi yo‘q.

«Apple» iyun oyida foydalanuvchilar uchun bir qator dasturiy yangilanishlarni rejalashtirilganidan ertaroq taqdim etishini e’lon qilgan edi. Kompaniyaning bildirishicha, ushbu yangilanishlar sun’iy intellekt tizimlaridagi xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq. Biroq mazkur yangilanishlarning oxirgi kiberhujumga qanchalik aloqasi borligi noma’lum.

Hozircha bu hujumdan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan tomonlar — «Tata Electronics» va «Apple». Ushbu voqea har ikki shirkatning obro‘siga hamda ularning o‘zaro munosabatlariga putur yetkazadi. Vaholanki, «Apple» Xitoyga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga intilayotgan bir paytda, bu ikki korxona o‘rtasidagi hamkorlik qisqa vaqt ichida juda tez rivojlanayotgan edi.

«Bu holat «Apple»ga ta’sir qiladi, negaki kompaniyaning mahsulot maxfiyligi va ta’minotchilarga oid ma’lumotlari xavf ostida qolgan bo‘lishi mumkin. «Tata» ham bundan ziyon ko‘radi, chunki bu voqea «Apple» ning Hindistondagi ishlab chiqarishga oid intilishlari tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bir paytda, kompaniyaning kiberhimoya borasidagi zaifliklarini yuzaga chiqaradi», — deydi Peskatore.

«Apple» uchun bu kiberhujum juda nozik vaqtga to‘g‘ri keldi. Iyun oyida texnologiya giganti «MacBook» kabi mahsulotlari narxini 30 foizgacha oshirgan edi. Narxlarning ko‘tarilishiga butun dunyo bo‘ylab sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarining keskin kengayishi natijasida texnikalarga bo‘lgan talabning ortishi va chiplar taqchilligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

«Apple» o‘zining murakkab ishlab chiqarish jarayonini qanday boshqaradi?

2025 yilda dunyodagi har to‘rtta «iPhone» dan bittasi, ya’ni taxminan 55 million dona smartfon Hindistonda yig‘ilgan. Bu atigi to‘rt yil oldingi ko‘rsatkichga (o‘shanda mamlakat hissasiga jami «iPhone» larning bor-yo‘g‘i 6 foizi to‘g‘ri kelardi) nisbatan ulkan o‘sishdir.

Garchi ushbu kiberhujum «Apple» kompaniyasining Hindistonga oid strategiyasini butunlay izdan chiqara olmasa-da, Paolo Peskatorening aytishicha, «bu voqea yangi ishlab chiqarish markazlarining operatsion maxfiylik, kiberbarqarorlik va ishonch borasidagi «Apple» talablariga qay darajada mos kelishi masalasiga e’tiborni yanada kuchaytiradi».

«Apple» kompaniyasining ta’minot zanjiri o‘nlab mamlakatlarni qamrab olgan bo‘lib, u dunyodagi eng samarali tizimlardan biri sanaladi. Shu bilan birga, u eng yopiq va maxfiy tizim sifatida ham tanilgan.

Bu kiberhujum «Apple» ning Hindistonga ko‘chish rejasiga qanday ta’sir qiladi?

Uzoq vaqt davomida «iPhone» asosan Xitoyda yig‘ilgan. Ammo 2020 yildan keyingi pandemiya, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo ziddiyatlarining kuchayishi hamda faqat bir davlatga qaram bo‘lib qolmaslik zarurati vaziyatni o‘zgartirdi. Ushbu omillar «Apple» kompaniyasini ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga (turli davlatlarga taqsimlashga) majbur qildi va shu tariqa maydonga Hindiston kirib keldi.

«Tata» shirkati «iPhone» yig‘ish faoliyatiga 2023 yilda qo‘shildi. U qisqa vaqtda kengayib, oddiy butlovchi qismlar tayyorlashdan to‘liq smartfon yig‘ish bosqichiga o‘tdi.

«Tata Electronics» ulushining bunday ortib borishi «Apple» ning ishlab chiqarishga oid ko‘plab muhim va maxfiy ma’lumotlari endi aynan shu sherik qo‘lida to‘planishini anglatardi — biroq aynan shu hamkor yirik kiberhujumga uchradi.

«Kelajakda boshqa hakerlik guruhlari ham hujum boshlashi mumkin», — deydi kiberxavfsizlik bo‘yicha tadqiqotchi Rajshekxar Rajaxaria.

U bunga misol tariqasida yaqinda xuddi shu «Tata» konglomeratiga tegishli bo‘lgan «Jaguar Land Rover» shirkatiga qilingan hujumni eslatib o‘tdi.

«Tovon puli undirish maqsadida ishlab chiqarish tizimlarini buzish yoki tarmoqqa ruxsatsiz kirish holatlari bugungi kunda juda keng tarqalib ketdi. Sizning IT kompaniya yoki boshqa soha vakili ekaningiz ahamiyatsiz. Aslida, hozirgi vaqtda aynan ishlab chiqarish sohalari ancha yuqori xavf ostida qolmoqda» — deydi mutaxassis.

Teglar

Mavzuga oid