O‘zbekistonda 6 ta yirik transport-logistika hududi tashkil etiladi
Transport-logistika tizimini rivojlantirishga har yili 200 million dollar imtiyozli kredit ajratiladi va xalqaro tranzit salohiyatini oshirish choralari amalga oshiriladi.
© asiaplusPrezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning xalqaro tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, mamlakatda oltita yirik transport-logistika hududini tashkil etish taklif qilindi.
O‘zbekiston hududidan 4 ming kilometr xalqaro tranzit yo‘laklari o‘tadi, temir yo‘l tarmog‘ining umumiy uzunligi esa 4 ming 700 kilometrni tashkil etadi. Ayni paytda Toshkent, Navoiy va Namanganda zamonaviy transport-logistika markazlari hamda quruqlik portlari rivojlantirilmoqda.
Taqdimotda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» va Transafg‘on temir yo‘li loyihalari ishga tushgach, Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagi shakllanishi, yuklarni yetkazib berish muddati esa 8 kungacha qisqarishi mumkinligi ta’kidlandi.
Yangi logistika markazlari
Taqdimotga ko‘ra, Xonobod shahri, Angren shahri, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari, shuningdek, Olot hamda Termiz tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi. Ushbu hududlarda logistika markazlarini tashkil etuvchi tadbirkorlarga har bir hududda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydoni ajratish rejalashtirilgan.
Logistika loyihalarini moliyalashtirish uchun har yili 200 million dollar miqdorida imtiyozli va past foizli kredit liniyalari ajratiladi. Tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish esa davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qibray va Termizda bojxona terminallari hamda avtoturargohlar qurish, Xonobodda xalqaro temir yo‘l chegara o‘tkazish punktini tashkil etish, Yangiyo‘l temir yo‘l stansiyasini kengaytirish va Ohangaronda «A» toifadagi yirik logistika markazini barpo etish takliflari ko‘rib chiqildi.
Tranzit salohiyati oshadi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi yillik tovar aylanmasi 800 milliard dollar, yuk tashish hajmi esa 120–150 million tonnani tashkil etadi. Agar O‘zbekiston qo‘shimcha 15–20 million tonna tranzit yukini jalb qilsa, mamlakat yiliga 400–600 million dollar daromad olishi, logistika sohasiga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilishi va 50 mingta yangi ish o‘rni yaratishi mumkin.
Yig‘ilishda logistika tizimini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, logistika markazlarini «E-logistika» platformasiga ulash, transport vositalarini onlayn kuzatish va chegaralarda «yagona to‘xtash» tamoyilini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.





