Peru tarixida ilk bor ayol kishi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi
U so‘nggi o‘n yil ichida Peru prezidenti lavozimini egallagan to‘qqizinchi shaxs bo‘ladi.

Keyko Fuximori Peru prezidenti saylovlarida kichik farq bilan g‘alaba qozondi va mamlakat tarixidagi ilk ayol rahbarga aylanadi. Bu haqda «Bloomberg» agentligi Peru saylov komissiyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
7-iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylovning ikkinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, konservativ «Xalq kuchi» partiyasi nomzodi Keyko Fuximori saylovchilarning 50,14 foiz ovozini to‘pladi. Uning asosiy raqibi, so‘lchi «Peru uchun birga» partiyasi rahbari Roberto Sanches esa 49,87 foiz ovoz oldi. Ikki nomzod o‘rtasidagi farq 49 641 ta ovozni tashkil qildi. Mazkur natijalar minglab bahsli byulletenlar saylov komissiyasi tomonidan uzoq vaqt davomida tahlil qilinganidan so‘ng e’lon qilindi.
Keyko Fuximori 28-iyul kuni besh yillik muddatga o‘z lavozimiga kirishadi. U so‘nggi o‘n yil ichida Peru prezidenti lavozimini egallagan to‘qqizinchi shaxs bo‘ladi. Bunga qadar u 2011, 2016 va 2021 yillardagi prezidentlik saylovlarida ham ishtirok etgan edi.
Aprel oyida kongressga bo‘lib o‘tgan saylovlarda Fuximorining partiyasi senatdagi 60 o‘rindan 22 tasini qo‘lga kiritgan. Bu esa prezidentga nisbatan impichment bo‘yicha har qanday dastlabki urinishlarni bloklash uchun yetarli vakillikni ta’minlaydi.
Sobiq prezident Alberto Fuximorining siyosiy o‘tmishi
Saylangan prezidentning otasi Alberto Fuximori 1990 yildan 2000 yilgacha Peruni boshqargan. O‘z boshqaruvi davrida u kongressni tarqatib yuborish va yangi Konstitutsiyani qabul qilishga erishib, o‘z vakolatlarini kengaytirgan edi. U mamlakatdagi maoist va marksist-leninchi guruhlarga qarshi qurolli kurash olib borgan.
2000 yilda unga tegishli partiya saflarida korrupsiyaga oid dalillar paydo bo‘lgach, u mamlakatni tark etgan va parlament qarori bilan hokimiyatdan chetlatilgan. 2005 yilda Chilida hibsga olinib, 2007 yilda Peruga ekstraditsiya qilingan. 2009 yilda korrupsiya va insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
2023 yilning 5-dekabrida Peru Konstitutsiyaviy sudi uni zudlik bilan ozod qilish to‘g‘risida qaror chiqardi va 7-dekabr kuni u 16 yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi. Alberto Fuximori 2024 yilning sentabr oyida 86 yoshida saraton kasalligidan vafot etdi.




