Logo

Endi gaz va elektr energiyasi kompensatsiyasini yagona portal orqali rasmiylashtirish mumkin

Bugun 18:262 daqiqa

Arizalar har oyning 16-sanasiga qadar qabul qilinadi. Kompensatsiya tasdiqlangach, mablag‘ keyingi oyning 27-sanasiga qadar fuqaroning ijtimoiy yoki bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

Endi gaz va elektr energiyasi kompensatsiyasini yagona portal orqali rasmiylashtirish mumkin

Gaz va elektr energiyasi uchun davlat kompensatsiyasini endi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn rasmiylashtirishi mumkin. Bu haqda portalning rasmiy Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Kompensatsiyadan Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar, shuningdek, reyestrga kiritilmagan, ammo «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» toifasidagi mezonlarga mos fuqarolar foydalanishi mumkin. Bunda oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan, ya’ni 1 mln 72,5 ming so‘mdan oshmasligi talab etiladi.

Kompensatsiya bazaviy me’yordan ortiq sarflangan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ajratiladi. Elektr energiyasi bo‘yicha oyiga 150 kVt·soatgacha, tabiiy gaz bo‘yicha esa isitish mavsumida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha bo‘lgan hajm qamrab olinadi.

Ariza berish tartibi

Arizalarni my.gov.uz portali orqali onlayn yuborish, shuningdek Davlat xizmatlari markazlari, «Inson» markazlari yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlar orqali ham topshirish mumkin.

Murojaatlar har oyning 16-sanasigacha qabul qilinadi. Agar ariza ushbu sanadan keyin yuborilsa, u keyingi oy uchun ko‘rib chiqiladi.

Ariza ijobiy ko‘rib chiqilgan taqdirda, kompensatsiya mablag‘i keyingi oyning 27-sanasigacha fuqaroning ijtimoiy yoki bank kartasiga o‘tkaziladi. Natija haqida SMS xabar hamda shaxsiy kabinet orqali ma’lumot yuboriladi. Xizmat uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-iyunidan ehtiyojmand oilalarga to‘lanadigan energiya kompensatsiyalari miqdori oshirilgan edi.

Yangi tartibga ko‘ra, elektr energiyasi uchun kompensatsiya 30 ming so‘mdan 37,5 ming so‘mga yetkazildi. Tabiiy gaz bo‘yicha esa isitish mavsumidagi to‘lov 200 ming so‘mdan 225 ming so‘mga, boshqa mavsumlarda esa 120 ming so‘mdan 135 ming so‘mga oshirildi.

Teglar

Mavzuga oid