O‘zbekiston prezidenti Gruziyaning «Oltin mo‘yna» mukofoti bilan taqdirlandi
Bu mukofot bilan Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya podshohi Abdulla II, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham taqdirlangan.
© Foto: prezident.uzTbilisi shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti – «Oltin mo‘yna» ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston – Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Shavkat Mirziyoyevga ushbu mukofotni Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili, Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hamda Parlament Raisi Shalva Papuashviliga yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, do‘st Gruziya xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
«Oltin mo‘yna» ordeni haqida
1998 yilda ta’sis etilgan «Oltin mo‘yna» ordeni mamlakatning oliy davlat mukofotlaridan biri bo‘lib, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda gruzin madaniyati, ilm-fani va san’atini targ‘ib etish borasidagi alohida xizmatlar uchun beriladi.
Ordenning nomi Oltin mo‘yna haqidagi qadimgi yunon afsonasi hamda hozirgi Gruziya hududida joylashgan tarixiy o‘lka – Kolxida bilan bog‘liq.
Turli yillarda mazkur yuksak mukofot bilan Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya Podshohi Abdulla II, Germaniya Kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarboyjon Prezidenti Haydar Aliyev va boshqalar taqdirlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Orbeliani saroyining Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.





