Kripto-aktivlar bozorida 2026 yiling birinchi yarmida nimalar sodir bo‘ldi?
Kriptovalyuta bozorining birinchi yarim yillik yakunlari: bitkoin 30 foizga quladi, ba’zi tokenlar esa 1100 foizgacha o‘sdi. 2026 yilning dastlabki olti oyida mayning sektori, markazlashmagan moliya va aksariyat kriptovalyutalarning kurslari pasayish dinamikasini ko‘rsatdi. Biroq steyblkoinlar sektori va bir qator aktivlarda o‘sish kuzatilmoqda.
© Envato ElementsKriptovalyuta bozorining qulashi
2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunida bitkoin (BTC) 60 ming dollar, Ethereum (ETH) esa 1,6 ming dollar atrofida sotilmoqda. Kriptovalyuta bozorining umumiy kapitallashuvi 2,05 trillion dollardan biroz oshadi. Yil boshidan buyon kurslarning yo‘qotishlari mos ravishda 30, 45 va 30 foizni tashkil etdi. Bahor oylarini istisno qilganda, bu yil kriptovalyuta bozori umuman olganda pasayishda bo‘ldi. Kapitallashuvi bo‘yicha eng yirik 100 talik ro‘yxatidan faqat bir nechta kriptovalyutaning narxigina oshdi.
Bir hovuch kriptoaktivlarning o‘sishi
Yanvar oyi boshidan buyon 100 ta eng yirik kriptovalyutadan faqat 16 tasining narxi oshdi. Ularning qiymati 1100 foizgacha, o‘ntasiniki esa 50 foizdan ko‘proqqa ko‘tarildi. Bu loyihalarning chorak qismini yuqori beqarorlikka ega va past likvidli tokenlar tashkil etadi. Shunga qaramay, ular orasida 2026 yil uchun istiqbolli bir qator fundamental kriptoaktivlar ham bor.
Yilning birinchi yarmidagi eng katta yangilik bu - Hyperliquid (HYPE) markazlashmagan birjasi tokeni bo‘lib, uning narxi 150% ga oshdi. Sun’iy intellekt sektori vakillari orasida Vinice Token (VVV) 700% va Near Protocol (NEAR) 25% o‘sishni ko‘rsatdi. DeFi sektorida esa Stable (STABLE, 170%), JUST (JST, 100%), Jito (JTO, 90%) va Morpho (MORPHO, 75%) tokenlari o‘sishga erishgan.
Kapitalning rekord darajada chiqib ketishi
Iyun oyi oxiriga kelib bitkoin asosidagi birja fondlaridan (ETF) kapital chiqib ketishi 5,2 mlrd dollardan oshdi. Bu 2024 yilda ishga tushirilganidan beri yarim yillikdagi rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. Shu davr mobaynida Ethereum fondlari esa 1,4 mlrd dollarlik rekord darajadagi kapital chiqib ketishini qayd etdi.
AQSH spot ETF’lari kriptovalyuta bozoriga institutsional kapital oqimining asosiy manbai, shuningdek, yirik investorlar qiziqishining ko‘rsatkichiga aylandi. Salbiy dinamikaning cho‘qqisi may–iyun oylariga to‘g‘ri kelib, bu bitkoin narxining yillik minimumga, ya’ni 60 ming dollardan pastga tushishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Bitkoinning korporativ jamg‘arilishi
Bitkoinni zaxira aktivi sifatida jamg‘arish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar iyun oyi oxiridagi kurs bo‘yicha 170 mingga yaqin BTC yoki 10 mlrd dollar to‘pladi. Ularning umumiy balansi 1,23 million monetaga yetgan bo‘lsa-da, kursning dollarga nisbatan pasayishi tufayli jamg‘armalar 94 mlrd dollardan 78 mlrd dollarga kamaydi.
Bu yil DAT-kompaniyalar (Digital Asset Treasuries), ya’ni raqamli aktivlar g‘aznachiligi deb ataluvchi sektor kompaniyalari aksiyalari narxlari va ularning moliyaviy ko‘rsatkichlarining ommaviy pasayishiga yuz tutdi. Sektorning eng yirik vakili bo‘lgan Strategy singari ko‘plab kompaniyalar kriptovalyutani sotishga o‘tib, o‘z kriptorezervini shakllantirish siyosatini o‘zgartirdi.
Kriptovalyuta mayningi
2026 yilning birinchi olti oyida bitkoin maynerlari so‘nggi yillardagi eng qiyin davrlardan birini boshdan kechirdi. Bu vaqtda bitta tangani qazib olish tannarxi 78–84 ming dollarni tashkil etgan, biroq kriptovalyutaning bozor kursi ushbu darajadan taxminan 25 foiz pastroq darajada saqlanib turibdi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, maynerlarning qariyb 20 foizi o‘ziga zarar keltirib ishlamoqda. Iyun oyi oxiriga kelib, ularning kunlik daromadi 30 million dollargacha tushib ketdi, bu o‘rtacha haftalik yig‘indi ko‘rsatkich bo‘yicha yil boshidagi qiymatlardan taxminan 30 foizga kamdir. Omon qolish uchun maynerlar o‘zlari qazib olgan milliardlab dollarlik bitkoinlarni sotmoqda.
Steyblkoinlar
Steyblkoinlar yilning birinchi yarmida o‘sish ko‘rsatgan kriptobozordagi sanoqli toifalardan biri bo‘lib qolmoqda, ularning kapitallashuvi taxminan 1,5 foizga oshib, 312 milliard dollardan yuqori bo‘ldi. Sektordagi asosiy o‘sish ikki barqaror token Sky loyihasining USDS (2 milliard dollar) hamda World Liberty Financial kompaniyasining USD1 tokenlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Bozorda Tether’ning USDT va Circle’ning USDC tokenlari asosiy steyblkoinlar bo‘lib qolmoqda. Butun bozorning qariyb 60 foizi USDT, 25 foizi esa USDC hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunday tokenlar chiqarilgan blokcheynlar nuqtai nazaridan, Ethereum (bozor ulushining 50 foizi) va Tron (bozorning 30 foizi) yetakchilik qilmoqda.
Markazlashmagan moliya
Markazlashmagan moliya (DeFi) sektori 2026 yil boshidan buyon eng sezilarli pasayishlardan birini namoyon etdi. Foydalanuvchilar depozitlarining umumiy miqdori qariyb 40 foizga kamayib, 70 milliard dollardan pastga tushdi. Eng katta yo‘qotishlar esa depozitlar summasining deyarli 60 foizidan ayrilgan Aave lending protokolida qayd etildi.
DeFi’dagi depozitlar hajmining keskin pasayishi aprel oyida Kelp loyihasining xakerlar hujumiga uchrashi oqibatida yuz berdi. Kriptoloyihalarning o‘zaro bog‘liqligi sababli ushbu hodisa o‘nlab boshqa DeFi-protokollarga ham ta’sir qildi. Bu, shuningdek, investorlarning DeFi’dagi zaifliklarni odamlardan tezroq topishga o‘rgangan yangi sun’iy intellekt vositalari borasidagi xavotirlari kuchaygan davrga to‘g‘ri keldi.





