Logo

Xomanaiy bilan vidolashuv: Tehron tarixidagi eng yirik dafn marosimi boshlanmoqda

Bugun 15:454 daqiqa

Eron sobiq oliy rahbarining dafn marosimida 100 dan ortiq mamlakat, jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Turkiya va Afg‘oniston delegatsiyalari ishtirok etadi. Marosim bir hafta davom etib, Eron va Iroqning bir nechta shaharlarida o‘tkaziladi.

Xomanaiy bilan vidolashuv: Tehron tarixidagi eng yirik dafn marosimi boshlanmoqda © https://news-pravda.com/

Eronning «IRIB» davlat teleradiokompaniyasi tarqatgan xabarga ko‘ra, 3 iyul kuni boshlanadigan Eronнинг sobiq oliy rahbari Ali Xomanaiyning dafn marosimida 100 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashishi kutilmoqda. 86 yoshli Xomanaiy 28-fevral kuni, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlangan ilk kunda, o‘z qarorgohiga berilgan qo‘shma havo zarbasi oqibatida halok bo‘lgan edi.

Oliy rahnamo bilan vidolashuv marosimi kecha tunda boshlangan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroil va AQSHning Eronga qarshi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan Yevropa davlatlariga taklifnoma yubormagan.

Xotira marosimlari haqida nimalar ma’lum?

Xomanaiyni dafn etish marosimi dastlab mart oyiga mo‘ljallangan edi, biroq Erondagi urush cho‘zilib ketgani sababli u ortga surildi.

Xotira tadbirlari 3 iyul, juma kuni Tehronda boshlanadi. Dafn va motam yurishlari 7 kun davom etadi, shuningdek, Eron hamda Iroqning turli shaharlarida diniy rasm-rusumlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

0

Juma kungi tadbir xorijlik yetakchilar eng ko‘p tashrif buyuradigan asosiy marosim hisoblanadi. Shanba va yakshanba kunlari esa Tehronda ommaviy tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Keng jamoatchilikning vidolashuvi uchun Xomanaiy va uning bir nechta oila a’zolarining tobutlari Eronning eng yirik namozgoh majmualaridan biri — Yirik Musalla majmuasiga qo‘yiladi.

Dushanba va seshanba kunlari motam yurishlari janubga, Eronning Qum shahri tomon yo‘l oladi. Eron va Iroq rahbarlarining ma’lum qilishicha, chorshanba kuni Iroqning Najaf xalqaro aeroportida rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tadi, so‘ngra Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida ommaviy yurishlar tashkil etiladi.

Shundan so‘ng, jasad juma kuni yakuniy dafn marosimi uchun Xomanaiy tug‘ilgan shahar Mashhadda joylashgan Imom Rizo maqbarasiga qaytariladi.

Qaysi davlatlar oliy darajada vakil yubormoqda?

  • Pokiston: Pokiston Tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotida bosh vazir Shahboz Sharif Eron sobiq oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning dafn marosimida shaxsan ishtirok etishini ma’lum qildi. Pokiston AQSH va Eron o‘rtasidagi vositachilikda markaziy rol o‘ynadi. Jumladan, aprel oyida o‘t ochishni to‘xtatish hamda iyun oyida urushni yakunlashga qaratilgan keng qamrovli muzokaralar uchun asos bo‘lgan anglashuv memorandumini imzolashga ko‘maklashdi.

  • Tojikiston: Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham dafn marosimida qatnashadi.

  • Armaniston: Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan xotira tadbirida o‘z mamlakati vakili sifatida ishtirok etadi.

  • Gruziya: Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili marosimda qatnashishini mamlakat rasmiylari tasdiqladi.

Qaysi davlatlardan yuqori lavozimli rasmiylar qatnashmoqda?

  • Turkiya: Anqara rasmiylari Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz Xomanaiyning dafn marosimida ishtirok etishini tasdiqladi.

  • Hindiston: Hindiston mamlakat nomidan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari va shtat gubernatori qatnashishini bildirdi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligining xabariga ko‘ra, Bihar shtati gubernatori Sayed Ata Hasnayn va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pabitra Margerita juma kuni Eronga boradi. Hindiston armiyasining sobiq leytenant-generali bo‘lgan Hasnayn mamlakatda davlat lavozimini egallab turgan eng yuqori martabali shia mazhabi vakili hisoblanadi. Shuningdek, Hindiston muxolifati yetakchilaridan sobiq tashqi ishlar vaziri Salmon Xurshid va Mehbuba Mufti ham delegatsiya tarkibiga kiritilgan.

  • Xitoy: Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Xitoyning yuqori martabali qonunchisi Xe Vey Tehrondagi marosimda ishtirok etishini e’lon qildi. U Xitoy parlamenti — Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari hisoblanadi.

  • Rossiya: Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev juma kungi marosimda qatnashadi, buni Kreml tasdiqladi. Medvedev Rossiyaning sobiq prezidenti va bosh vaziri hisoblanadi.

  • Afg‘oniston: Eron Tashqi ishlar vazirligi Tolibon hukumatining Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy marosimda qatnashish uchun payshanba kuni Tehronga yetib kelganini tasdiqladi. Afg‘oniston ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar ham dafn marosimida ishtirok etadi.

  • Bangladesh: Bangladesh ommaviy axborot vositalarining rasmiy ma’lumotlarga tayanib xabar berishicha, Bangladesh Parlamenti spikeri Hafizuddin Ahmed Tehrondagi davlat dafn marosimida qatnashishni rejalashtirgan.

Shuningdek, avvalroq, O‘zbekiston nomidan Oliy  Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiyasi Erondagi dafn marosimlarida ishtirok etishi xabar berilgan edi.

Dafn marosimlari haqida yana nimalar ma’lum?

Ushbu tadbir zamonaviy tarixdagi eng yirik ommaviy dafn marosimlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, u o‘z miqyosi va ko‘lami bilan Eron sobiq Oliy  rahbari Oyatulloh Ruhulloh Xomeyniyning 1989 yildagi dafn marosimidan ham o‘tib ketishi taxmin qilinmoqda. O‘shanda motam tadbirlariga 10 millionga yaqin odam yig‘ilgan edi.

Marhum Xomanaiyning o‘g‘li — Eronning hozirgi oliy rahbari Mojtabo Xomanaiy dafn marosimida ishtirok etmaydi. Bu haqda payshanba kuni uning Hindistondagi vakili ma’lum qildi. Ushbu qaror Isroil tomonidan Mojtabo Xomanaiyga nisbatan yangi suiqasd tahdidlari yangragani sababli xavfsizlik nuqtai nazaridan qabul qilingan.

00

Eronlik harbiy qo‘mondon AQSH va Isroilni ogohlantirib, mamlakat urushning ilk kunidagi havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir vaqtda Eronga hujum qilmaslikka chaqirdi.

«Biz Eron dushmanlarini, xususan AQSH va sionistik rejimni (Isroilni) har qanday yanglish hisob-kitoblardan tiyilishga hamda qurolli kuchlarimiz mamlakatimizga qarshi har qanday tahdid va tajovuzga qanchalik keskin javob qaytarishi haqida o‘ylab ko‘rishga chaqiramiz», — deyiladi «Xatam al-Anbiya» markaziy shtabi qo‘mondoni Ali Abdullohiyning davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan bayonotida.

Teglar

Mavzuga oid