Logo

Bog‘chada zo‘ravonlik qilgan tarbiyachilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi — Bolalar ombudsmani

Bugun 16:552 daqiqa

Toshkentdagi xususiy bog‘chada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holati ortidan Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Vaqt.uz'ga izoh berdi. U hodisa Ombudsman nazoratiga olingani, tarbiyachilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi Senatda ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Bog‘chada zo‘ravonlik qilgan tarbiyachilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi — Bolalar ombudsmani © Kollaj

Vaqt.uz avvalroq Toshkentdagi xususiy bog‘chalardan birida tarbiyachilar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani aks etgan videolar haqida xabar bergan edi. Holat yuzasidan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova tahririyatga izoh berdi.

Uning ta’kidlashicha, Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyachining voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani aks etgan videolar Ombudsman nazoratiga olingan. Tarbiyachilarga Ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur modda shaxsni muntazam ravishda do‘pposlash yoki boshqa harakatlar orqali qiynash uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Agar jinoyat voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, aybdor 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

«Bolaga nisbatan zo‘ravonlikning har bir holati qonun doirasida qat’iy baholanishi lozim. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Bolalar ombudsmani o‘z kuzatuvini davom ettiradi», — dedi Surayyo Rahmonova.

Ombudsman, shuningdek, pedagog va tarbiyachilarni ishga qabul qilishdan avval ularning bolalar bilan ishlashga psixologik hamda emotsional tayyorgarligini baholovchi maxsus ko‘riklarni joriy etish muhimligini ta’kidladi.

«Pedagog va tarbiyachilarni ishga qabul qilishdan oldin ularning bolalar bilan ishlashga psixologik va emotsional jihatdan tayyorligi, ruhiy barqarorligini baholovchi tekshiruvlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda muhim preventiv chora bo‘lib xizmat qiladi», — deydi u.

Rahmonova Vaqt.uz bilan suhbat davomida Bolalar ombudsmani Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan pedagog va tarbiyachilarning kelgusida bolalar bilan ishlashini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, ayni paytda Senat muhokamasiga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, pedagogik faoliyati davomida bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etiladi.

Voqea tafsilotlari

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi «Rayyan Kids» xususiy bog‘chasida tarbiyachilar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani aks etgan videolar tarqalgan edi. Lavhalarda tarbiyachining bolaning og‘ziga latta tiqishi, bolaning qo‘li eshikka qisilib qolganiga qaramay yordam ko‘rsatilmagani hamda boshqa bir bolaga sababsiz jismoniy tazyiq o‘tkazilgani tasvirlangan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vaziyat yuzasidan ishchi guruh tuzilganini, aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi hamda zarur bo‘lsa, muassasa litsenziyasi bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid