Asia Alliance Bank va EEFU kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish uchun 10 mln AQSH dollari miqdoridagi bitimni imzoladi
Asia Alliance Bank va O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi (Economic Empowerment Fund for Uzbekistan, EEFU) 10 mln AQSH dollari miqdoridagi moliyalashtirish liniyasi jalb etish to‘g‘risidagi bitim imzolanganini e’lon qildi. Mablag‘lar kichik va o‘rta biznes subyektlarining islomiy moliyalashtirish xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Hujjat bank bosh ofisida Asia Alliance Bank Boshqaruvi raisi Umid Abduazimov hamda EEFUning Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha direktori Armands Fomitsevs tomonidan imzolandi.
Jalb qilingan mablag‘lar islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va kichik hamda o‘rta biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Yangi moliyalashtirish liniyasi bankka mijozlar uchun yangi mahsulotlar qatorini kengaytirish, shuningdek, mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish imkonini beradi.
Asia Alliance Bank izohi
Asia Alliance Bank Boshqaruvi raisi Umid Abduazimov shunday dedi:
«Asia Alliance Bank uchun islomiy moliyalashtirishni rivojlantirish strategik yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. EEFU bilan hamkorlik nafaqat moliyaviy resurslarni jalb etish, balki tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratish demakdir. Ushbu hamkorlik tufayli biz kichik va o‘rta biznes vakillariga xalqaro standartlarga mos, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi zamonaviy moliyalashtirish yechimlarini taklif eta olamiz».
Asia Alliance Bank haqida
Asia Alliance Bank 2009 yil 15-avgustda tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida yangi tijorat bankidan O‘zbekistonning yetakchi moliyaviy institutlaridan biriga aylandi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahsulotlar qatorini kengaytirish va xizmatlar sifatini muntazam oshirib borish orqali bank bugungi kunda butun mamlakat bo‘ylab minglab jismoniy shaxslar hamda biznes vakillari uchun ishonchli moliyaviy hamkor hisoblanadi.
EEFU haqida
O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi (Economic Empowerment Fund for Uzbekistan, EEFU) — ustav kapitali 100 mln AQSH dollarini tashkil etuvchi jamg‘arma bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, Islom taraqqiyot banki va Saudiya Arabistonining bir guruh investorlarining hamkorligida tashkil etilgan. Jamg‘arma faoliyati kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda islomiy moliyalashtirish vositalari orqali mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Mazkur bitimning imzolanishi Asia Alliance Bankning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilish va biznesni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan strategiyasini amalga oshirishdagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Bank xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish orqali mijozlariga zamonaviy va samarali moliyaviy yechimlarni taqdim etishda davom etadi.





