Logo

Birja savdolarida suyultirilgan gazni sotish cheklanadi

Bugun 12:251 daqiqa

1-avgustdan boshlab birja savdolarining ayrim bo‘limlarida suyultirilgan gazni faqat litsenziyaga ega yuridik shaxslar xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Birja savdolarida suyultirilgan gazni sotish cheklanadi © new.kaztag.kz

18-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i quyish shoxobchalarida avariyalarning oldini olish hamda odamlar hayotiga xavf tug‘diruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan qarori qabul qilingandi.

Qarorga ko‘ra, 1-avgustdan boshlab birja savdolarining alohida seksiyalarida suyultirilgan gazni faqat litsenziyaga ega yuridik shaxslar xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun birjaning onlayn axborot tizimi “Litsenziya” platformasi bilan integratsiya qilinadi.

Qarorda benzin va suyultirilgan gaz savdosini onlayn hisobga olish tizimini joriy etish ham nazarda tutilgan. Yangi tizim orqali yoqilg‘i sotilishi haqidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida kuzatib boriladi.

Shuningdek, yoqilg‘i quyish uskunalariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning malakasini nazorat qilish kuchaytiriladi. Sertifikatsiz mutaxassislar ishlayotgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari 2027 yildan boshlab faoliyat yurita olmaydi.

Avvalroq shu qaror bilan 1-sentabrgacha xavfsizlik talablarini buzgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari ro‘yxati shakllantirilishi haqida xabar berilgandi. Ular bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida 22-iyundan 15-sentabrgacha «yong‘inga qarshi maxsus rejim» joriy etilgan. Unga ko‘ra, bozorlar, savdo majmualari va boshqa umumiy ovqatlanish obyektlarida ovqat tayyorlash uchun maishiy gaz ballonlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Teglar

Mavzuga oid